Bilim olishdan, izlanishdan, harakatdan to'xtamanglar!
Bugungi qahramonimiz - Nozimaxon
Nozimaxon yoshlarning innovatsion g‘oya va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash “Startap tashabbuslari” dasturi 5-davrining g’olibasi, Online Hamshira loyihasining asoschisi.
Farg'ona viloyati, Marg'ilon shahrida yashaydi. Yoshi 23da. Farg'ona davlat universitetining bakalavr bitiruvchisi Nozimaxon quyidagilarni gapirib berdi:
“Tibbiyot sohasiga qiziqishim kuchli bo’lgani sababli bir g’oya meni doim tinch qo’ymas edi. Aholining ko’p qatlami uyda davolanmoqchi bo’ladi, chunki keksalar, turib yurolmaydigan bemorlar, ko’p bolali onalar poliklinikaga chiqishga qiynaladi. Shular uchun qulay xizmat yo’lini o’ylab topdik. Bizning loyiha yordamida zarur bo’lgan xamshiralik xizmatidan aholimiz o’z uyida yoki hamshiralik obyektlarida 24 soat 7 kun foydalanishi mumkin.
Men loyihamning dolzarbligiga COVID-19 pandemiyasi davrida amin bo’ldim. Kasalxona va klinikalar to'lib-toshgan, yengil kasal bo'lgan bemorlar uylariga jo'natilgan. Va shuning uchun ular hamshiralar xizmatiga muhtoj edilar. Bu meni to'g'ri yo'nalishda harakat qilayotganimga va xizmatlar bozorida o'z o'rnimizni topa olishimizga ishontirdi.
Talabalik davrimda Startap tashabbuslar dasturi haqida xabar topdim. Shu imkoniyatdan foydalanish kerakligini, bu imkoniyat g’oyamni amalga oshirishga yordam berishiga ishonib dasturda qatnashish uchun ariza topshirdim. Omadim bor ekan, topshirilgan mingga yaqin arizalar orasida mening arizam saralab olindi va men dasturda qatnashish imkoniyatiga ega bo’ldim.
Dastur g'oyamni startup loyiha darajasiga olib chiqdi, hayotga tatbiq etishimga yo'l ko'rsatdi. Xatolarni yo'qotishga yordam berdi, kuchli biznes egalaridan darslarolishimizga, ilhomlanishimizga hamda ko’plabyangi aloqalar o'rnatishimizga yordam berdi.
Dastur davomida barcha darslar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, do'stlar orasidagi suhbatlar esda qolarli taassurotlar qoldirdi. Ayniqsa DemoDay (Taqdimot kuni) bosqichi hayajonga to'la bo'ldi. Taqdirlash marosimi va tadbirlar judda ham katta ilhom baxsh etdi. Tanlovning barcha bosqichlari menga yoqdi va esda qolarli bo'lib xotiramga muhrlandi.
Dasturda g'olib bo'lib 50 million so'mni qo'lga kiritdim. Bu pullarni loyihamizning dastlabki qadamlari uchun sarfladik. Bu dasturda qatnashganimiz bizga ham bilim, ham grant mablag'ini berdi va shu sababli loyihamizni hayotga tadbiq etishga erishdik.
2022 yilning boshida “Onlayn Hamshira” MCHJ sifatida davlat ro'yxatidan o'tdik. “O'zbekiston uchun 100 g'oya” tanlovida ham qatnashib yuqori o'rinni oldim. Tumaris, A-Hub xakatonlarida hamda “Biznesga birinchi qadam” tanlovida faxrli o’rin oldim. Dunyo bo'yicha har yili bo'lib o’tadigan “We are together 2022” tanlovida Moskva shahrida bo'lib o'tadigan final bosqichiga chiqdik. Hozirda “Ayollar biznesiga birinchi qadam” tanlovida qatnashib, 2 ta asosiy saralash bosqichidan o'tdim va yakuniy bosqich natijalarini kutmoqdaman. Men loyihamni O'zbekistonning barcha hududlarida joriy qilmoqchiman.
Mart oyidan Marg'ilon shahrida asosiy ofis ochildi. Hozirda Farg’ona viloyatining barcha tumanlarida ish boshladik. “Onlayn Hamshira” mobil ilovasini ishlab chiqdik, u orqali bemorlar bizning xizmatlarimizni buyurtma qilishi mumkin.
Filial noyabr oyida ochiladi. Hozirda barcha tumanlardan hamshiralarni ishga qabul qilmoqdamiz. Mobil ilovani ishlab chiqib, u orqali xizmatni joriy qildik.
Menga shunday imkoniyat berilgani, o'zimizni maqsadlarimizni hayotga tatbiq etib, jamoat oldida o'z o'rnimizni topishga berilgan yordam uchun minnatdorman. Ayniqsa dastur boshlangandan beri tugagunga qadar, o'zlarining samimiy so'zlarini, vaqtlarini ayamay har bir savolimizga javob berib, to'g'ri tushuntirishlar berib, bizga yordam bergan mentorlarimizga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.
Dangasalikni yengib, doimo noumid bo'lmay harakat qilishni, kuchli irodali shaxs bo'lib, kelajakda insonlarga va jamiyatga foydam tegishini o'z oldimga maqsad qilib qo'yganman va bunga albatta erishaman. Qizlar orasida ham kuchli biznes egalari borligini isbotlash yo'lida doimo harakatdaman.
Inson “bu mening qo'limdan kelmaydi” deb o'ylamasligi kerak. Sababi bir inson qilgan narsani, boshqa inson ham albatta qila oladi. Muhimi yengilmaslik, taslim bo'lmaslik. Qo'rquv, ishonchsizlik, dangasalikni yengish uchun iroda topa olishi kerak. Sabr bilan maqsad sari harakat qilaverish kerak. Shundagina barcha orzulariz ro’yobga chiqadi.
Boshqa yosh qizu yigitlarga tavsiyam: bilim olishdan, izlanishdan, harakatdan to'xtamanglar. Chunki bu umr bir marta beriladi. Faqat olg'a va dadil qadam tashlashlarini tilab qolaman”.