Press-reliz

FAO va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi O‘zbekistondagi o‘rmon maydonlarini tiklash bo‘yicha kuchlarni birlashtiradi

21 sentabr 2022

Toshkent shahrida 20-21 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO hamda O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hamkorligida “O‘zbekistonda barqaror landshaftlarni tiklash uchun o‘rmon xo‘jaligi sektorini texnik-iqtisodiy asoslash” mavzusida milliy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, FAO ekspertlari, BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Milliy va xalqaro ekspertlar bir minbarda to‘planib, o‘rmon sohasini rivojlantirish uchun qulay siyosiy, huquqiy va institutsional asoslarni yaratish, mamlakatimizda o‘rmon landshaftlarini tiklashni moliyalashtirish mexanizmi kabi muhim masalalarni muhokama qildi.

Shuningdek, respublikamizda o‘rmonlarni qayta tiklashga qaratilgan joriy va rejalashtirilayotgan milliy va mintaqaviy loyihalar ko‘rib chiqildi.

Muloqot chog‘ida 2018 yilda O‘zbekiston hukumati “Bonn Challenge” dasturi doirasida 500 ming gektardan ziyod degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash majburiyatini olgani qayd etildi. Ushbu dastur dunyo bo‘yicha 2020 yilga kelib 150 million, 2030 yilga qadar 350 million gektar degradatsiyaga uchragan va o‘rmonsizlangan yerlarni tiklash bo‘yicha global sa’y-harakat, deya e’tirof etiladi.

Bugungi kunga qadar 61 ta davlat va 5 ta uyushma “Bonn Challenge” dasturini qabul qilgan. Tadbirda O‘zbekiston Kavkaz va Markaziy Osiyo landshaftlarini tiklash va infratuzilmasini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha Strategiyani ishlab chiqishda faol ishtirok etgani alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yildan buyon amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlarni yuqori baholadi. Mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ushbu keng ko‘lamli loyiha Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasiga kiritilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, milliy muloqot BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi va FAOning 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan integratsiyalashgan ish dasturi doirasida tashkil etilgan. Tadbir ishtirokchilarga tajriba almashish va O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaligi sohasida tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini berdi.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti
BMT YEIK
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi BMT YEIK

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar