Press-reliz

30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

30 iyul 2022

Odam savdosi transmilliy jinoyat bo‘lib, dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida uchraydi. Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot (IOM) – BMT Migratsiya agentligi barcha aʼzo davlatlarga odam savdosiga qarshi kurashda ko‘maklashadi hamda odam savdosi qurbonlariga gumanitar yordam koʻrsatadi.

Har yili 30-iyul Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan IOMning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Ozarbayjon va  Gruziyadagi IOM vakolatxonalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston va ushbu davlatlar oʻrtasida odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekistonga mazkur ikki davlat tegishli davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan iborat delegatsiyalar tashrifini tashkil qildi.

Izoh: Gruziya delegatsiyasi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotining Toshkentdagi vakolatxonasida.
Rasm: © Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot

Dastlab, 28 iyun – 1 iyul kunlari Gruziya Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralar vakillaridan iborat odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Gruziya delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrifning birinchi kuni Gruziya delegatsiyasi IOMning Toshkentdagi vakolatxonasi tomonidan kutib olindi hamda uchrashuvda delegatsiya a’zolariga O‘zbekistondagi odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatining institutsional tuzilishi haqida ma’lumot berildi. Ikki kunlik tashrif davomida Gruziya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi – Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi – Majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya tomonidan qabul qilindi. Har ikki tomon vakilllari soʻnggi paytlarda Oʻzbekistondan Gruziyaga, xususan, Ajara viloyatiga odam savdosi jinoyati holatlari koʻpayganini taʼkidlab, odam savdosiga qarshi samarali kurashish uchun xalqaro, transchegaraviy hamkorlik zarurligini taʼkidlashdi. IOM ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvlar yakunida Oʻzbekiston va Gruziya tomoni odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirishdi va bu maqsad yoʻlida aniq qadamlar ishlab chiqishga kelishib olindi.

Gruziya delegatsiyasi, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Situatsional markaz, Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo'yicha Respublika reabilitatsiya markazi, Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga ham tashrif buyurishdi.

Izoh: Gruziya delegatsiyasi Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligida.
Rasm: © Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot

Shuningdek, 28 iyul – 2 avgust kunlari mazkur soha bo‘yicha Ozarbayjon delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi IOMning O‘zbekiston va Ozarbayjondagi vakolatxonalari tomonidan tashkil etildi. Tashrifning ilk kuni Ozarbayjon Ichki ishlar vazirligi, Mehnat vazirligi va odam savdosidan jabrlanganlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini o‘z ichiga olgan Ozarbayjon delegatsiyasi IOM O‘zbekiston ofisida qabul qilinib ularga IOM va tegishli hamkorlar tomonidan O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respubikasi Ichki ishlar vazirligi – Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kichik komissiya, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz va Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo'yicha Respublika reabilitatsiya markaziga tashriflar uyushtirildi. Ushbu uchrashuvlarda tomonlar odam savdosiga qarshi kurashish, shuningdek, odam savdosi qurbonlarini aniqlash va ularni yo‘naltirish bo‘yicha o‘z tajribalarini almashdilar hamda bu boradagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Izoh: Ozarbayjon delegatsiyasi Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotining Toshkentdagi ofisida.
Rasm: © Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot
Izoh: Ozarbayjon delegatsiyasi Toshkentdagi Odam savdosidan jabrlanganlarni reabilitatsiya qilish milliy markazida.
Rasm: © Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot

Shuningdek, IOM tomonidan Ozarbayjon delegatsiyasi va O‘zbekistonda odam savdosidan jabrlanganlarga insonparvarlik yordamini koʻrsatish boʻyicha ish olib borayotgan “Barqaror hayot”, “Nihol”, “Oydin-Nur”, “Istiqbolli avlod” kabi Oʻzbekistonning yetakchi nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida maxsus uchrashuvlar tashkil etildi.

 

 

 

 

 

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

MBXT
Migratsiya Bo'yicha Xalqaro Tashkilot

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar