Press-reliz

UNICEF O‘zbekistonda bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yishga da'vat etadi

21 iyun 2022

UNICEF jahon miqyosida ota-onalik oyligini nishonlayotgan vaqtda oilani qo‘llab-quvvatlash va pozitiv tarbiya zo‘ravonlik to‘lqinlarini to‘xtatishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlaydi.

UNICEF bugun bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka befarqlikdan ogohlantirdi va jamiyatning bunday holatlarga munosabatini o‘zgartirishga chaqirdi. Tashkilot zo‘ravonlikka uchraganlarni himoya qilish uchun oilani qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va samarali tizimlarni takomillashtirish muhimligini ta'kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari aks ettirilgan bir qancha videolavhalar tarqalganidan so‘ng, UNICEF odatiy hol bo‘lib ko‘ringan bunday holatlardan xavotirda ekanini bildirdi: ayrim hodisalar, jumladan, go‘daklar bilan bog‘liq bo‘lganlari, jamoatchilik ko‘z oldida va kuzatuvchilar ishtirokida sodir bo‘lmoqda

“Ayollar va bolalar, ayniqsa qizlar, har kuni zo‘ravonlikdan aziyat chekmoqda va bu, afsuski, maqbul, normal, yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan va “oilaning ishi” deb qaraladi. Zo‘ravonlik holatlarining oldini olish mumkin,” dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. “Zo‘ravonlikka barham berishda har kimning o‘rni bor. Odamlarning zo‘ravonlikka munosabatini o‘zgartirish, jazosiz qolishga chek qo‘yish, ijobiy tarbiya me'yorlari va amaliyotini targ‘ib qilish, jabrlanganlarga malakali yordam ko‘rsatish zarur.”

Dunyo bo‘ylab har to‘rt boladan biri zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi va har besh daqiqada bir bola zo‘ravonlikning turli shakllari tufayli vafot etadi. Bunday holatlarni erta aniqlash, ishonch telefonlari va maktablarda ish olib borish – ana shu isbotlangan samarali choralar  zo‘ravonlikka qarshi kurashda yordam beradi. Yo‘naltirish mexanizmi bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlashning muhim boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, aniqlash va ularga qarshi kurashishda ta'lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va adliya sohalari mutaxassislarining roli va majburiyatlarini aniq belgilashi kerak.

Hozirda UNICEF O‘zbekistonda zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasidagi davlat tuzilmalarining sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida butun mamlakat bo‘ylab 50 000 nafar patronaj hamshiralar oilalarga tashrif buyurish uchun zarur ko‘nikma va materiallarga ega bo‘lib, ular boshqa masalalar qatorida bola tarbiyasini qo‘llab-quvvatlash, bolalar ehtiyojlariga befarqlik va jismoniy zo‘ravonlik holatlarini aniqlashlari mumkin.

UNICEF, shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularga javob berish bo‘yicha standart proseduralarni ishlab chiqish va tadbiq etish borasida Vazirlar Mahkamasining Ta'lim va sog‘liqni saqlash kotibiyatining Bolalarni himoya qilish bo‘yicha yangi sektori, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va Bolalar ombudsmani bilan hamkorlik qilmoqda. Bundan tashqari, UNICEF har bir holatni alohida ko‘rib chiqish (keys menejment) tizimini kengaytirishda mamlakattga ko‘mak bermoqda. Mazkur tizim oilalar ehtiyojlarini keng miqyosda ko‘rish, xavflarni aniqlash va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun ularni tegishli xizmatlar bilan bog‘lash imkonini beradi. Amalga oshirilayotgan barcha chora-tadbirlar bilan bir qatorda ijtimoiy ishchilar institutini yaratish va bu muammoni tizimli hal qilish uchun butun jamiyatni safarbar etish zarur.

 

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar