Butunjahon radio kuni
Bugun 13 fevral Butunjahon radio kuni. Shu munosabat bilan, jamoamiz radio jurnalist Nozima Toshpulatova bilan suhbatlashdi.
Radioda kanchadan beri ishlaysiz?
Radioda ish boshlaganimga 20 yildan oshdi. Dastlab ish faoliyatimni “O‘zbekiston” radiosida boshlagan edim. 2016 yilda bizni “Axborot” bo‘limi tugatilib, men “O‘zbekiston 24” radiosida ishimni davom ettirdim..
Hozirda shu radioda axborot-tahliliy dasturlarni tayyorlayman va olib boraman. Bizni radioning yo‘nalishi asosan turli yo‘nalishlarda informasion dasturlar va tahlil, sharhlar, suhbat kabilar o‘rin olgan bo‘lib, men ham ularga materiallar tayyorlab beraman.
2017 yil 24 iyuldan boshlab mamlakatimizda ham qo‘shiqlardan holi bo‘lgan, faqat informasion-tahliliy formatdagi, bizning “O‘zbekiston-24” radiokanalimiz faoliyat yurita boshlagan. Bilasizmi, o‘shanda juda qo‘rqqandim. Qo‘shiqsiz qanday ishlaymiz. Bu juda katta ishku, deb. Lekin, ish boshlangandan keyin bizga bu jarayon ko‘proq izlanish uchun muhit yaratganini his qildim. Endi bizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri, jonli efirlar ko‘paydi va asosiysi ularda tinglovchilarimiz ham o‘z fikrlarini bildira olib, biz bilan baravar dastur yaratilishida ishtirok etishardi. Bu menga yanada zavq berdi. Boshidagi qo‘rquvlar asossiz ekanligini xis qildim. Hozirda o‘zimning mualliflik dasturlarimni o‘zim olib boraman. Avvaallari jurnalistlar emas, boshlovchilar olib borardi. Biz esa qo‘shimcha savollarni bermagan boshlovchini izmida qoladigan dasturlarni havola qiilishga majbur bo‘lardik. Hozir unday emas. Men o‘zim boshlovchi, o‘zim mualliflik qilaman dasturimga. Biz erkinmiz va aynan shu erkinlik hissi sabab ham hech qachon radiodan keta olmasam kerak.
Radiodagi birinchi ish kuningizni eslay olasizmi?
Albatta! U kunni hech qachon esimdan chiqarmasam kerak. Talaba edim 2001 yil oktyabr oyida borganman radioga. To‘g‘risi bizni avlod radio eshitib katta bo‘lgani uchun rosa hayajon bilan kirganman bu dargohga. O‘shanda ko‘p ustozlar, radioning metrlari hali hayot edi. Yoshlarni bunday kuchli jamoaga kirib ketishi oson bo‘lmasdi, lekin men hammani savollarim bilan bezor qilgan bo‘lsamda, ular safiga kira olgandim. Birinchi tayyorlagan materialim, ob-havo ma'lumoti bo‘lgan. Unda hali mashinkalarda matn tayyorlash bor edi. Bir amallab ikki soat deganda yarim varaq matnni oqqa ko‘chirganman. O‘zim uni efir uchun o‘qib ham bergandim. Rosa hayajonlangandim o‘shanda. Butun tanishlarimga qo‘ng‘iroq qilib chiqibman, eshitinglar deb. Sekin sekin jiddiyroq mavzular bera boshlashdi. Bunda albatta “Axborot” tahririyatining har bir hodimining menga yordami tekkan. Hammadan nimadir o‘rganardim. Muharririyatimizda Tal'at Soliev, Muyassar Saidxonova, Anvar Abduvaliev, Azim Po‘latov, Sharofiddin To‘laganov, Shohida Abdualimova kabi kuchli siyosiy sharhlovchi va jurnalistlar ishlardi. Hamma siyosiy jarayonlar tahlil qilinar va men baxslarni eshitib o‘tirardim. Shu suhbatlar natijasimi birinchi kuni borgan tortinchoq qizdan asar ham qolmadi, bir yil ichida.
Internet media rivojlangan sari radioni eshituvchilar soni kamayib, radio uz ta'sirini va axamiyatini yukatishi mumkinmi?
Bugun media olami juda katta konvergensiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda va afsuski an'anaviy radio ham sekin asta o‘z tinglovchilarini yo‘qotayapti. Avvalgidek, millionlab emas, bugun ular. Lekin transformasiya jarayonlari yuz bersa radio yo‘qolmaydi. Biz ham internetga ko‘chib o‘tishimiz kerakka o‘xshaydi. Podkastlar ko‘rinishida tayyorlangan materiallarimiz yaxshi eshitiladi. Odamlar bir biriga audiolarni tarqatishadi. Milliy teleradiokompaniya tomonidan tarqatilayotgan audiokitoblar loyihasini qarang. Odamlar ularni bir biriga ulashib, eshitishayapti. Demak, bizning tarmoq yo‘qolmaydi, faqat yetkazish shakli o‘zgarishi mumkin xolos.
Nima uchun insonlar xali xam radio eshitishadi?
Inson tabiatidagi xilma-xillikni aynan radio o‘zida mujassam eta oladi. Unda hamma o‘z fikrini gapira olishi, muloqot qilishi mumkin. Hanuz eng arzon va ommabop aloqa-axborot vositasi sifatida jamiyatning barcha qatlam vakillari uchun ta'lim darajasi, irqi, yoshi, moddiy ahvolidan qat'i nazar ularga jamoatchilik muhokamalarida ishtirok etish imkonini beradi.
Qolaversa uni ish qilaturib, mashina haydab, ovqatlanib, xullas barcha jarayonlarda tinglash mumkin va u sizni vaqtingizni olmaydi. Toliqtirmaydi. Shu sababli bo‘lsa kerak, eng ko‘p tinglovchilarimiz haydovchilardir.
Aytgancha, “O‘zbekiston 24” radiosi ham radio kuni munosabati bilan tashkil etiladigan aksiyaga har yili qo‘shiladi. Kun bo‘yi efirlarda sana bilan bog‘liq materiallar berib boriladi. Bu yil ham bu sanaga bag‘ishlangan eshittirishlarimiz efirga berilishi tabiiy.