Orol dengizi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo'yicha Maslahat qo'mitasi faollashmoqda
08 iyul 2021
- 2021 yil 8-iyul kuni Orol dengizi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo'yicha Maslahat qo'mitasining uchinchi yig'ilishi virtual formatda bo'lib o'tdi. Uchrashuv Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi, O'zbekiston Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda tegishli vazirlik va idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari hamda xususiy sektor vakillari ishtirokida tashkil etildi.

Maslahat qo'mitasi uchta ishchi guruhi ko'magida ishlaydi. Xususan, "Visibility" ishchi guruhi texnik vazifalarni tasdiqlashga mas’ul va u 2021 yilga mo'ljallangan ish rejasini qabul qildi. Uning faoliyat doirasiga Birlashgan millatlar tashkiloti Iqlim o'zgarishi bo'yicha Konvensiyasining 26-Konferensiyasi (COP26) kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish, birgalikda tashkil etish, hukumat, BMT va tegishli manfaatdor tomonlarning bevosita ishtiroki bilan rejalashtirish kabi vazifalar kiradi.
Barqaror investitsiyalar bo'yicha ishchi guruhining 2021 yil fevraldan iyulgacha davom etadigan seminarlar majmuasi orqali yer va tanqis resurslar, demografik siljishlar, muqim madaniy me'yorlar, sanoat, ta'lim va ishchi kuchidagi o'zgarishlar va Orol dengizi mintaqasidagi infratuzilmani boshqarish kabi oltita birlashgan muammolarni aniqlash uchun jamoaviy fikrlash metodologiyasi qo'llanildi. Shu asosda, Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistondagi Taraqqiyot dasturi o'z hamkorlari bilan turli muammolarga tizimli choralarni ishlab chiqmoqda. Buning natijasida, guruh yuqori ahamiyat kasb etuvchi takliflar ishlab chiqa oldi.
BMT Taraqqiyot dasturi boshchiligidagi Ma'lumotlar va baholash bo'yicha texnik guruh Orol dengizi hududidagi tahlillar asosida investitsiyalar uchun dalillar va asoslar taqdim etadi. Xalqaro ekspertlar guruhi turli manbalarda mavjud bo'lgan ma'lumotlar bazasini tuzgan bo'lib, ushbu ma'lumotlar uch guruhga bo'lingan: (i) mavjud va ochiq; (ii) mavjud, lekin yopiq; (iii) mavjud bo‘lmagan va yopiq. Ma'lumotlar bazasini yaratish hozirgacha guruhning muhim ishlaridan biridir.
BMTTD Qoraqalpog'istonning ijtimoiy-iqtisodiy portreti va 2030 yilgacha bo'lgan tahlil ssenariylarini taqdim etdi. So'nggi o'n yillikdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar va 2030 yilgacha bo‘lgan tahlil ssenariylari o‘rganildi va ishtirokchilar bilan bo'lishildi. Aholi jon boshiga tushadigan daromad, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish va asosiy xizmatlardan foydalanish bo'yicha Qoraqalpog'iston katta sarmoyalar va resurslar almashinuvidan foyda ko'rdi hamda O'zbekistonning qolgan hududlarini bu borada ortda qoldirdi. Shu bilan birga, ish bilan bandlikning o'sishi, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlari va qashshoqlikni kamaytirish kabi boshqa sohalarda o‘sish nisbatan kamroq darajada namoyon bo'ldi.
O'zbekiston hukumati Yaxlit Yo'l xaritasi loyihasini taqdim etdi. Yaxlit Yo'l xaritasining maqsadi – BMT rezolyutsiyasini amalga oshirishdir, bu esa O'zbekistonning Orol dengizi mintaqasida aholining turmush sharoitlari va turmush darajasini yaxshilashga, shuningdek, faol ekotizimni tiklashga va atrofdagi hududlarda biologik xilma-xillikni oshirishga olib keladi. Orol dengizi mintaqasini birgalikda rivojlantirish bo'yicha dasturiy chora-tadbirlarning yaxlit xaritasi quyidagilarni ta'minlaydi:
- Orol dengizi mintaqasida barqaror rivojlanish bo'yicha yaxlit siyosatni ishlab chiqishga ko'maklashish;
- Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish va rivojlantirish bo'yicha strategiya va amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga ko'maklashish;
- Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish va rivojlantirish bo'yicha tadbirlarni qo'llab-quvvatlash va bu sohadagi salohiyatni oshirish.
BMTTDning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Dimovska xonim bu borada quyidagi fikrlarni bildirdi: "Yo'l xaritasining yaxlit asosi tizimli yondashuvlar ustiga qurilgan bo’lib, uni amalda tadbiq etish ishchi guruhlar tarkibidagi o'zgarishlarni amalga oshirish bilan bir qatorda manfaatdor tomonlarning keng doirasini jalb qilish va Orol dengizi mintaqasining barqaror rivojlanishini qo'llab-quvvatlashni taqozo etadi. BMTTD ushbu dasturni amalga oshirish jarayonini qo'llab-quvvatlashga tayyordir.
O'z navbatida, O'zbekistondagi Yaponiya elchixonasi rahbari o'rinbosari janob Atsushi Suda, "Yaponiya Yo'l xaritasi loyihasini yuqori baholaydi, chunki u yanada kengroq va aniq kutilgan natijalarni aks ettiradi", dedi. Janob Suda, Yaponiya 25 yildan ortiq vaqt davomida atrof-muhitni tiklashga qaratilgan rezolyutsiyalarga o'z hissasini qo'shganini ta'kidladi. Qishloq joylarida sog'liqni saqlash va sho'rlanish bilan kurashish uchun 26 ta asosiy grant loyihalariga 10 million AQSh dollari miqdorida mablag' kiritildi.
Xulosa qilib aytganda, Birlashgan millatlar tashkilotining O'zbekistondagi doimiy vakili va Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi hamraisi Helena Freyzer xonim Yo'l xaritasi hukumat tomonidan qabul qilinishini olqishlab shunday dedi: "Yo'l xaritasi – BMT Bosh Assambleyasining Orol dengizini innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyasini amalga oshirish yo'lidagi ilk qadamdir. Orol dengizi muammolarini hal qilish bo'yicha barqaror, ma'lumotlar va dalillarga asoslangan birgalikdagi harakatlarni tezlashtirish esa keyingi qadam bo'ladi.
Ma‘lumot uchun
Orol dengizi mintaqasini barqaror rivojlantirish bo'yicha Maslahat qo'mitasi 2020 yil 1-dekabrda Birlashgan millatlar tashkilotining Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi huzurida Orol dengizi mintaqasida barqaror rivojlanishni tezlashtirish uchun yagona platforma sifatida yo‘lga qo‘yilgan. Qo'mita milliy va xalqaro hamjamiyatlar tomonidan ajratilgan moliyaviy ko'maklarni barqaror rivojlanish maqsadlari sari yo’naltirish, kompleks yechimlar, samarali mexanizmlar va yondashuvlar borasida Jamg'arma Boshqaruv qo'mitasiga maslahat berish kabi vazifalarni bajaradi.
BMTning Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi faoliyati to'g'risida batafsil ma'lumotni Jamg'armaning rasmiy veb-saytida olish mumkin. http://www.aral.mptf.uz/