COVAX dasturi doirasida O'zbekistonga COVID-19 vaksinalari olib kelindi
17 mart 2021
- Bugun O'zbekiston COVAX loyihasi doirasida yuborilgan 660,000 doza AstraZeneca vaksinasini qabul qilib oldi. Loyiha Epidemiyaga tayyorgarlik innovatsiyalari koalitsiyasi (CEPI), GAVI, JSST va Birlashgan millatlar tashkiloti Bolalar jamg'armasi (UNICEF) o'rtasidagi hamkorlik natijasida yo'lga qo'yilgan.
660,000 dozadan iborat partiya COVAX O'zbekistonga yuborishni rejalashtirgan 2 million 256 ming dozaning bir qismi bo'lib, qolgan qismi yaqin bir necha oy ichida yetkazib beriladi.
UNICEFning O'zbekistondagi vakili Munir Mamedzade so'zlariga ko'ra "bu – COVID-19 vaksinalarini butun dunyo bo'ylab teng taqsimlashni ta'minlash maqsadiga qaratilgan tarixiy qadamdir".
"Vaksinalarni adolat bilan barchaga teng ajratish va yetkazib berish pandemiyani tugatishning asosiy yo'lidir va biz bu jarayon amalga oshishi uchun harakat qilishimiz lozim", dedi janob Munir Mamedzade.
UNICEF O'zbekistonga vaksinalarni joylashtirish va taqsimlash milliy rejasini ishlab chiqishda ko'maklashmoqda hamda vaksina qabul qilish yoki qilmaslik borasidagi ikkilanishlarga barham berishda muloqotlar tashkil etilishiga ulkan hissa qo'shmoqda. JSST esa o'qitish modullarini joriy etish va tibbiyot xodimlari uchun treninglar tashkil etishda jonbozlik ko’rsatayapti.
"Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti AstraZeneca/Oxford COVID-19 vaksinasini favqulodda holatlarda qo'llash uchun yaroqli deb topdi va uni COVAX orqali butun dunyo bo'ylab yetkazib berilishiga ruxsat berdi. O'zbekiston AstraZeneca vaksinasini qo'llashni ixtiyor etgan 49-mamlakatdir”, dedi JSSTning O'zbekistondagi vakili, doktor Lianne Kuppens. "Vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samaradorligini ta'minlash JSSTning ustuvor vazifalaridan biridir: biz ularning ushbu talablarga javob berishini baholash uchun xalqaro me’yorlar va standartlar ishlab chiqilishi hamda joriy etilishini ta'minlash maqsadida hukumat rasmiylari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz".
COVAX dasturi 92 ta past va o'rta daromadli mamlakatlarga vaksinalarni qo'lga kiritish imkoniyatini yaratib berdi. Bu mamlakatlarga kamida 1,3 milliard doza vaksinalar yetkazib beriladi.
Loyiha Amerika Qo'shma Shtatlari, Germaniya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Kanada, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va boshqa donorlar tomonidan qo'llab-quvvatlab kelinmoqda.
COVAX – bu hukumatlar va ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda COVID-19 vaksinalari butun dunyo bo'ylab barcha mamlakatlarga yetkazilishini ta'minlash yo'lida ish olib borayotgan yagona xalqaro tashabbusdir.