Press-reliz

O'zbekistonda bolalar va o'smirlar vaziyatining tahlili bo’yicha hisobot taqdimoti

09 oktabr 2024

Tahlil sog'liqni saqlash va ta'lim xizmatlaridan adolatli foydalanish bo'yicha sezilarli yutuqlarni, shuningdek, bolalarni himoya qilish borasida qonunchilikdagi mislsiz o'zgarishlarni ko'rsatadi

Bugun UNICEF va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bolalar huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekistondagi bolalar va o‘smirlar vaziyatining tahlili natijalarini taqdim etdilar. Hisobot ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish va ulardan foydalanish ta'minlanganini, xususan, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalarida deyarli universal qamrovni, bolalar manfaatlari yo’lidagi siyosat va qonunlarni takomillashtirish bo'yicha katta yutuqlarga erishilganini  ko'rsatadi.

Shu bilan birga, hisobotda bolalar va o’smirlar farovonligini yanada oshirish uchun zarur bo’lgan asosiy yo‘nalishlar ham ko‘rsatilgan.

Izoh: O'zbekistonda bolalar va o'smirlar vaziyatining tahlili bo’yicha hisobot taqdimoti bo'lib o'tdi.

Tahlil sog'liqni saqlash va ta'lim xizmatlaridan adolatli foydalanish bo'yicha sezilarli yutuqlarni, shuningdek, bolalarni himoya qilish borasida qonunchilikdagi mislsiz o'zgarishlarni ko'rsatadi.

Rasm: © UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi

"Ushbu tahlilda bolalar va o‘smirlarning holati inson huquqlarining asosiy tamoyillari, jumladan, tenglik, diskriminatsiyadan holi bo‘lish va adolat nuqtai nazaridan tadqiq etilib, bunda barcha bolalar uchun adolatli imkoniyatlar va natijalarga alohida e’tibor qaratilgan,”-dedi Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili Surayyo Raxmonova. “Shubhasiz, ushbu tahlil O‘zbekistonda bolalar va o‘smirlarning farovonligini yaxshilashga qaratilgan siyosatning yangi vazifalari va asosiy dasturlarini ishlab chiqish jarayonida muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin".

O‘zbekiston butun aholini umumiy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish jihatidan sezilarli yutuqlarga erishdi. Buni birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyatlarida va sifatli xizmat ko‘rsatishning sezilarli yaxshilanganida ko‘rish mumkin. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida davlat tibbiy sug‘urtasi dasturining joriy etilishi erta o‘lim sabablarini bartaraf etish va umr ko‘rish davomiyligini oshirishga qaratilgani ham bu boradagi sa’y-harakatlarga misol bo’la oladi. Biroq yechilmagan masalalar hali ham bor. Immunizatsiya qamrovi yuqori bo’lishiga qaramay, 9000 ga yaqin bola emlanmagan. Bundan tashqari, stigma va profilaktika xizmatlaridan foydalanish cheklanganligi OIV bilan yashayotgan bolalar va o'smirlar uchun qiyinchiliklar tug'diradi. Ularning atigi 31 foizi antiretrovirus terapiyasini oladi.

Mamlakatda 2021-2022 yillarda boshlang‘ich ta’lim bilan qamrab olish darajasi 99 foizni tashkil etdi. Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 2017 yilda 30 foizdan kam bo‘lsa, 2024 yilda 73 foizdan oshdi. 2022-2023 yillarda deyarli 2 millionta bola maktabgacha ta’lim dasturlari bilan qamrab olindi. Hozirda barcha maktablarning 94 foizi internetga ega, raqamli ta’lim va AKTdan foydalanish imkoniyati oshgan. Biroq ta'lim sifati, ayniqsa asosiy ko'nikmalar va kompetentsiyalar nuqtai nazaridan, tashvishga soladi. Bundan tashqari, inklyuziv ta'lim sohasi yanada ko'proq sa’y-harakatlarni talab qiladi.

O‘zbekistonda institutsional islohotlar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha qonunchilik bazasini takomillashtirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Masalan, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullanib, hozirda Prezident imzosini kutmoqda. O‘zbekistonda bolalarga g’amxo’rlik qilish borasidagi islohotlar doirasida so‘nggi ikki yil ichida 23 ta internat muassasalari yopildi, natijada 2448 nafar bola oilalarda yashay boshladi. Ushbu muvaffaqiyatlarga qaramay, internat muassasalarida hali ham ko'plab nogironligi bo’lgan bolalar bor. Ular bunday muassasalardagi tarbiyalanuvchilar umumiy sonining 79 foizini tashkil qiladi. Shu bois oilalarni hamda reintegratsiya xizmatlarini ko'proq qo'llab-quvvatlash zarur.

O‘zbekiston ayollar va bolalarni mojaro zonalaridan repatriatsiya qilish va ularning reintegratsiyasiga ko‘maklashish bo‘yicha jahon miqyosida yetakchiligini namoyish etdi. “Mehr” operatsiyalari natijasida 500 dan ortiq ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytdi.

O‘zbekistonda Milliy ijtimoiy himoya agentligining tashkil etilgani, shubhasiz, ushbu sohadagi yutuq bo‘ldi. Biroq cheklangan moliyaviy resurslar ijtimoiy himoya dasturlarini kengaytirishni sekinlashtiradi. Masalan, 2024 yilning birinchi choragida bolalar nafaqasini oluvchi bolalar soni qisqartirildi.

“O‘zbekistondagi bolalar va o‘smirlar vaziyatining tahlili natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar bolalar manfaatlari yo’lida ishlaydigan asosiy sektorlarda dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishda muim ahamiyat kasb etadi.  Shunugdek, bu tavsiyalar "O‘zbekiston – 2030" milliy strategiyasiga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq O‘zbekiston hukumati va UNICEF o‘rtasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat hamkorlik dasturini ishlab chishda asos bo’lib xizmat qiladi”,- dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. “UNICEF ko‘makka eng muhtoj bolalar va o‘smirlarga alohida e’tibor qaratgan holda bolalar huquqlarini amalga oshirishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashga sodiq bo’lib qoladi”,-deya ta’kidladi u. 

Vaziyat tahlili vazirliklar va nodavlat tashkilotlari vakillari hamda nogironligi bo’lgan kattalar va bolalar ishtirokida tayyorlandi. Ushbu hisobot natijalari O‘zbekistonning so‘nggi besh yil ichida erishgan muhim yutuqlarini tasdiqlaydi va takomillashtirish zarur bo’lgan yo‘nalishlarini belgilab beradi. Bunday tahlil so’nggi marta O‘zbekistonda 2019-2020 yillardagi o‘tkazilgan edi.

Muharrirlar uchun ma’lumot: 

Hisobotning to’liq matnini www.unicef.uz. saytidan yuklab olish mumkin.

OAV murojaatlari uchun kontaktlar:

Rushana Aliakbarova

Matbuot kotibi 

Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili ofisi

Теlefon: +99894 600 11 72 

El. pochta: murodullayevna1999@gmail.com

Shaxlo Ashrafxanova

Bola huquqlari monitoringi bo’yicha mutaxassis

UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi

Telefon: +99893 505 81 41

El. pochta: sashrafkhanova@unicef.org

Nargiza Egamberdiyeva

Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi

UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi

Telefon: +998 93 380 34 19

El. pochta: negamberdieva@unicef.org

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar