Press-reliz

Osiyo va Yevropa vazirlari va diplomatlari Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini muhokama qiladilar

01 sentabr 2023

7—8 sentyabrda Samarqandda Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Kun tartibida – dunyoda “Nolь ochlik” maqsadiga erishish, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida oziq-ovqat yetkazib berish uchun ekspress dahlizlarni ochish va boshqalar.

Rasm: © FAO O'zbekiston

 

Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya O‘zbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, FAO (BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti) texnik ko‘magida o‘tkaziladi.

Tadbirda 30 dan ziyod mamlakatlardan vazirlar va diplomatlar, shuningdek xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari, ilmiy tashkilotlar – Shanxay hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqalardan vakillar qatnashadi.

Konferensiya doirasida O‘zbekiston agrar tarmoqni isloh qilishdagi o‘z yutuqlari taqdimotini o‘tkazadi, shuningdek, bilimlar va innovasion yechimlar transferini yo‘lga qo‘yish uchun jahon hamjamiyati tajribasiga murojaat qiladi.

“Bugungi kunda dunyo yerlar degradasiyasi va suv resurslarining taqchilligi, pandemiyalar va nobarqaror geosiyosiy vaziyat muammolariga duch kelmoqda. Ushbu chaqiriqlar fonida oziq-ovqat xavfsizligi masalasi yanada o‘tkir tus olmoqda.

Iqlim o‘zgarishi qishloq xo‘jaligiga, pirovardida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashga qanday ta'sir ko‘rsatayotganligini barchamiz his qilmoqdamiz. Suv resurslari kamayib bormoqda, yuqori harorat ekinlar hosildorligiga va chorva soniga salbiy ta'sir ko‘rsatyapti. Iqlim o‘zgarishlari oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni oldindan belgilashni qiyinlashtirmoqda, bu prognozlash va rejalashtirishning aniqligini susaytirmoqda. Holbuki, rejalashtirish – u yoki bu oziq-ovqat turlarining bozordagi taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslikning kaliti sanaladi.

Shuningdek, kun tartibidan ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun “yashil” va ekspress dahlizlar ochish masalasi o‘rin olgan”, — izohladi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov.

FAO baholariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 2,3 mlrd inson sust yoki o‘tkir oziq-ovqat xavfsizligi yo‘qligi holatida yashamoqda, ularning 566 millioni (25%) Osiyoda istiqomat qiladi.

“Bo‘lajak konferensiya FAO va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Tadbir dunyoda agrooziq-ovqat tizimlarini rivojlantirish borasidagi chaqiriqlar va yechimlarni muhokama qilish uchun yaxshi maydoncha bo‘ladi.

Bundan tashqari, ushbu xalqaro miqyosdagi voqea 2030 yilga qadar oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanishni yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalarni, shuningdek barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan “Nol ochlik” 2- Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan choralarning amalga oshirilishi maqomini tahlil qilish imkonini beradi”, — dedi FAOning Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori Viorel Gusu.

Shuningdek, Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha konferensiya doirasida “O‘zbekiston agrooziq-ovqat salohiyati” ko‘rgazmasi va I O‘zbekiston Agrooziq-ovqat investisiya forumi o‘tkaziladi. Forumda Germaniya, Italiya, Isroil, Vengriya, Koreya Respublikasi, Polьsha, Ozarboyjon, Qozog‘istondan 50 dan ziyod kompaniya qatnashadi.

 

 

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar