Helena Freyzerning Jasliqdagi qamoqxona yopilishi munosabati bilan bergan bayonoti
08 iyun 2019
BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasi Prezidentning Jasliqdagi qamoqxonani yopish to'g'risidagi qarorini mamnuniyat bilan qabul qiladi.
Ushbu qaror BMT inson huquqlari mexanizmlarining uzoq muddatli tavsiyalariga, shu jumladan yaqinda bo’lib o’tgan uchinchi Umumjahon davriy hisobotlar sessiyasi tavsiyalariga mos keladi (2018 yil 30-may): "Jasliq qamoqxonasini yopish, Xalqaro qizil xoch qo'mitasi kuzatuvi uchun to'liq va to'siqsiz kirishni osonlashtirish hamda Qiynoq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan muomala va jazoga qarshi konvensiyaning ixtiyoriy protokolini ratifikatsiya qilish."
Jasliq qamoqxonasidagi achinarli sharoit BMTning Qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Teo van Boven tomonidan 2002-yil noyabr va dekabr oylarida uning mamlakatga tashrifi chog'ida tanqid qilingan va u shunday degandi: "Hukumat o'zining shafqatsiz, g'ayriinsoniy va inson qadr-qimmatini kamsitadigan muomala yoki jazoni o'z ichiga olgan Jasliq qamoqxonasini yopish masalasini shoshilinch ko'rib chiqishi lozim."
Ushbu maskanda joylashgan barcha mahbuslar milliy qonunlarga muvofiq, uylariga yaqin joylashgan koloniyalarga ko'chirilish huquqiga ega, ularning oila a'zolari esa oldingidek Jasliqqa uzoq safar qilmasdan turib qarindoshlari oldiga tashrif buyurishlari mumkin.
BMTning Qiynoqlar bo'yicha maxsus ma'ruzachisining avvalgi tavsiyalaridan biriga murojaat qilgan holda, BMT 2019 yil 14 martdan boshlab “Ombudsman to'g'risida”gi qonunga kiritilgan Ombudsmanga barcha muhim joylarga profilaktika kuzatuv tashriflarini amalga oshirish huquqini beruvchi muhim o'zgarishlarni mamnuniyat bilan qabul qiladi. Fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari bilan hamkorlikda BMT O'zbekistonda erkinlik va qiynoqlarning oldini olishga katta hissa qo'shishi kerak bo'lgan milliy profilaktika mexanizmini to'laqonli yaratishga ko'mak berishga tayyor. Fuqarolik jamiyati mutaxassislarini ushbu jarayonga jalb qilish O'zbekistonda yopiq muassasalar ustidan jamoatchilik nazoratini ta'minlashda katta yondashuv bo'ladi.
2019 yil noyabr oyida O'zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi qo'mitasi bilan konstruktiv muloqotga kirishadi, unda BMTning Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz g'ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi konvensiyasi (Qiynoqlarga qarshi konvensiya) bajarilishi to'g'risida O'zbekistonning beshinchi davriy hisoboti ko'rib chiqiladi. Konvensiya O'zbekiston tomonidan 1995 yilda ratifikatsiya qilingan.
Birlashgan millatlar tashkiloti inson huquqlari mexanizmlarining avvalgi tavsiyalariga, shu jumladan, 2018 yil may oyida O'zbekiston ishtirok etgan uchinchi Umumjahon davriy hisobotlar sessiyasiga muvofiq, Qiynoqlarga qarshi qo'mitaning O’zbekiston tomonidan konvensiya qoidalari buzilganligi va buning oqibatida uning qurboniga aylangan shaxslarning da’volariga ko’ra murojaatlarni qabul qilish va ko'rib chiqish bo'yicha vakolatlarini tan olgan holda hukumat Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz g'ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala yoki jazoga qarshi konvensiyaning 22-moddasida nazarda tutilgan deklaratsiyani taqdim etishi so’raladi. Shuningdek, hukumat Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning ixtiyoriy protokolini ratifikatsiya qilish, shu orqali BMTning Qiynoqlarga qarshi quyi qo'mitasiga O'zbekistondagi yopiq muassasalarga tashrif buyurish huquqini berish hamda qiynoqlarning oldini olish maqsadida mamlakatdagi barcha qamoq joylariga muntazam ravishda kutilmagan tashriflarni amalga oshiradigan milliy profilaktika mexanizmini tashkil etish majburiyatini olish tavsiya etiladi.
Prezident qarori bilan Jasliq qamoqxonasidagi barcha mol-mulk va binolar Qoraqalpog'iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimiga o'tkazilishi ko'zda tutilganligi sababli, BMT ushbu inshootni dastlabki tergov yoki jinoiy sud tizimining boshqa maqsadlarida qayta ishlatmaslik muhimligini ta'kidlaydi.
Jasliqdagi barcha mahbuslarning oila a'zolari o'z qarindoshlari joylashtiriladigan yangi inshootlar to'g'risida o'z vaqtida va kerakli darajada xabardor qilinishlari lozim.
O'zbekiston jinoyat qonunchiligini insonparvarlashtirish va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan jazo choralarini ko'paytirishni rag'batlantirishga qaratilgan adliya tizimida muhim islohotlarni boshladi. Tahsinga sazovor bo'lgan sinov muddati tizimi yaratildi.
Ushbu jarayon doirasida BMT O'zbekistonga qamoqxonalar tizimini isloh qilishda va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog'liq bo'lmagan sanksiyalarni va choralarni amalga oshirishda inson huquqlari tamoyillari va jinoyatchilikning oldini olish hamda odil sudlov sohasida BMT me'yorlari va normalariga rioya qilgan holda yordam berishga tayyor.