Ko‘krak saratoniga qarshi kurash
Ko‘krak saratoniga qarshi kurash: Diana qanday qilib umid topgani va boshqa ayollar ovozini ifodalovchisiga aylangani haqida.
2024 yil boshlarida Diana bir paytlar sayohat va zamonaviy kiyimlar suratlari bilan to‘lgan Instagram akkauntida bir kun kelib ko‘krak saratoni bilan shaxsan qanday kurashgani haqidagi hikoyani joylashini sira tasavvur qilmagandi. Bugun Toshkentda yashovchi va ikki farzandning onasi bo‘lgan 30 yoshli Diana hayotidagi o‘zgarishlarga moslashib, tanasi va ruhiga tahdid solayotgan kasallik – saraton haqidagi xabardorlikni oshirishga faol hissa qo‘shmoqda.
“Hammasi ko‘kragimda qattiqlik paydo bo‘lganidan boshlandi va men shifokorga murojaat qilishim kerak deb o‘yladim”, — deydi u. Bu hayot uchun xavf tug‘dirmaydigan holat bo‘lgani uchun Diana Toshkentdagi hududiy onkologiya klinikasi qabuliga borishdan oldin yana bir necha kun ishlashda davom etgan. Tahlil va konsultatsiyalardan so‘ng unga erta bo‘lishiga qaramay, ikkinchi bosqichdagi ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yildi. Ikkita o‘simta aslida beshta bo‘lib chiqdi va u salbiy oqibat xavfini kamaytirish uchun zudlik bilan davolanishni boshlashi kerak edi.
Ko‘krak bezi saratoni JSST Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasida eng keng tarqalgan saraton bo‘lib, 2022 yilda 600 000 dan ortiq kasallanish holatlari aniqlangan. Har soatda mintaqadagi 69 nafar ayolga ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yiladi, 18 nafari esa uning oqibatida vafot etadi. Erta aniqlash va sifatli davolash kasallikni muvaffaqiyatli yengishning eng muhim omillaridir.
Kasallikni yengish strategiyalari bemorlar va ularning oilalari uchun muhim madad hisoblanadi
Kimyoterapiya Dianada aniqlangan o‘smalar hajmini kamaytirishga yordam berdi, ammo jiddiy, shu jumladan juda kam uchraydigan nojo‘ya ta’sirlarga, u esa jigarning jiddiy shikastlanishiga olib keldi. Biroq, bu kasallikka qarshi kurashish bo‘yicha o‘z tajribasini boshqalarga aytib berishga to‘sqinlik qilmadi. “Negaligini aniq bilmayman, ammo tashxis qo‘yilgandan keyin faolroq bo‘ldim. Hayotimni tubdan o‘zgartirgan va kasallik bilan kurashishimga yordam bergan juda ko‘p yangi mashg‘ulotlar topdim”, — deydi u.
Diananing ta’kidlashicha, saraton bilan kurash nafaqat jismoniy, balki ruhiy kuch ham talab qiladi.
Uning aytishicha, ikki yosh farzandi unga kerakli ruhiy kuch topishga yordam bermoqda: “Kichigim maktabga borishni boshladi va men o‘z kasalligim undan bu qimmatli lahzalarni olib qo‘yishiga yo‘l qo‘yolmayman”.
Shu bilan birga, u aksariyat qarindoshlari uchun uning tashxisi haqidagi xabar og‘ir zarba bo‘lganini tan oladi. Ular bu kasallik keltirayotgan emotsional zararni birgalikda yengishga o‘rgandi. Diana tashxis qo‘yilganlar va ularning oila a’zolariga emotsional-psixologik yordam ko‘rsatish muhimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shu munosabat bilan, u kimyoterapiya muolajasini o‘tayotgan paytdayoq psixologlikka o‘qishni boshladi. “Men ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan boshqa ayollarga o‘z qo‘rquv va qiyinchiliklari haqida ochiq gapira olishlariga yordam bermoqchiman”, — deydi u eng qiyin paytlarda o‘zgalarga kuch, umid va shifo topishga yordam berish istagini ta’kidlab.
Saraton haqidagi xabardorlikni oshirish harakati faoli
Diana saraton kasalligiga qarshi kurashni boshlaganida, u o‘z hikoyasini ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, avval moda va sayohatlar haqida yozgan Instagram'da bo‘lishishga qaror qildi.
U bu platformadan ayollarni ko‘krak saratoni haqida xabardorlikni oshirish va agar o‘zlarida qandaydir o‘zgarish sezsalar, tibbiy yordamga murojaat qilishga undashda foydalana boshladi.
Bu faoliyat doirasida Diana stigma va keng tarqalgan yanglish fikrlar bilan kurashishga harakat qilmoqda. Ko‘pchilik hali ham saratonni asosan keksalarda uchraydigan kasallik deb hisoblaydi, lekin Diananing hikoyasi bu har kimda, yoshidan qat’iy nazar, yuz berishi mumkinligini ko‘rsatadi.
U o‘z akkauntidan foydalanib odamlarga saraton haqida gapirish hayotiy muhimligini anglab yetishlariga yordam berishga harakat qiladi, chunki muammoni aksariyat hollarda o‘rab turgan jimlikni buzish imkonini beradi.
Hamma ham Diananing chaqiriqlariga hayrixoh bo‘lishga tayyor emasdi. Sobiq obunachilarining ayrimlariga uning boshidan o‘tkazganlarini qabul qilish qiyin bo‘ldi va ular Diananing akkauntini kuzatishni to‘xtatdi.
U yaqin tanishlari bilan aloqalarni yo‘qotdi va ilgari do‘st deb hisoblaganlar qo‘llab-quvvatlashni susaytirganini sezdi.
Lekin o‘zining sofdilligi va jasorati bilan yangi obunachilarni o‘ziga jalb qildi, ko‘plab do‘stlari esa Diana bilan yanada yaqinlashib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi.
“Menga qo‘l uzatgan va minnatdorchilik bildirganlar, mendan yuz o‘girganlardan ancha ko‘p bo‘ldi”, — deydi u. Ko‘pchilik Diananing postlari tufayli shu mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlay boshlagan. “Bu meni ruhlantiradigan va olg‘a haraqat qilishga turtki beradigan narsadir”, deya qo‘shimcha qildi u.
Diananing maslahatlari
“Saraton yosh, vaqt yoki joy tanlamaydi”, deya tez-tez eslatib turadi Diana o‘z obunachilariga. Uning shaxsiy yo‘li oson kechmagan, shuning uchun u barcha imkoniyatlarni ishga solib ko‘krak bezi saratoni haqidagi asosiy faktlarni yetkazishga harakat qiladi:
Erta aniqlash omon qolish darajasiga ta’sir qiladi. Diana boshqa ayollarga aniq maslahatlar berib, ularni darhol harakat qilishga chaqiradi: “Ko‘kragingizni muntazam tekshiring. Agar siz shubhali narsani sezsangiz, kechikmang - darhol shifokorga murojaat qiling”.
• Ko‘krak bezi saratonining ko‘p turlar juda samarali davolanishi mumkin, ayniqsa kasallik erta bosqichda aniqlangan bo‘lsa. Diana davolanishning eng maqbul yo‘lini topishga harakat qilib, davlat va xususiy klinikalarga qatnab, qimmatli vaqtini yo‘qotdi. Bunday ssenariyning oldini olish uchun har bir onkologik bemor uchun aniq, qulay va keng qamrovli davolash yo‘nalishini ishlab chiqish kerak; Diana aynan shu fikrni mintaqadagi va undan tashqaridagi mamlakatlarga yetkazmoqchi.
• Saraton haqida ochiq gapirishdan qo‘rqmang. Ogohlikni oshirish boshqalarga kasallikni erta bosqichda aniqlash va davolashga yordam beradi. Shuningdek, u bemorlarning stigmatizatsiyasini kamaytirishga yordam beradi.
• Ruhiy va psixologik yordam nafaqat bemor, balki uning oilasi uchun ham juda muhimdir. Hech kim kasallik bilan yolg‘iz qolmasligi kerak. Qo‘llab-quvvatlash doirasi ham jismoniy, ham ruhiy tiklanish uchun juda muhimdir.
Bugungi kunda Diana saraton kasalligi bilan og‘rigan bemorlar va ularning oilalari uchun davolanish paytida ham, undan keyin ham yordam ko‘rsatish uchun reabilitatsiya markazini yaratish loyihasi ustida ishlamoqda. Davolanishdan so‘ng ko‘plab bemorlar o‘zlarini yo‘qotgandek his qiladi va ularga ko‘rsatilishi mumkin va kerak bo‘lgan yordamga muhtojdir".
Oktyabr oyi oxirida Dianaga ikki tomonlama mastektomiya qilinadi. U hammasi yaxshi bo‘lshiga umid qilmoqda va bu ko‘krak bezi saratoni haqida xabardorlik oyligida bo‘lib o‘tishini ijobiy belgi deb hisoblaydi.
“Ayni paytda men qila oladigan eng yaxshi narsa — saraton kasalligiga chalingan bemorlarning ehtiyojlari haqida gapirishni davom ettirishdir. Bu sohadagi siyosatni shakllantiruvchi shaxslar ko‘magida ko‘krak bezi saratonini oldini olish, aniqlash va davolashni yaxshilash mumkin, bu esp ko‘plab bemorlar va ularning oilalariga kasallikni yengishga yordam beradi”.