Sog‘liqni saqlashga yo‘naltirilgan sarmoya o‘z samarasini beradi
Butun dunyoda 2030-yilgacha BMTning Global kun tartibidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shulardan biri – salomatlik. Bu barcha davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham eng muhim masala hisoblanadi. Bu borada keyingi yillarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
OʻzA muxbiri mazkur masala yuzasidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi direktori, doktor Xans Xenri P.Klyugening fikrlari bilan qiziqdi:
– Markaziy Osiyo havas qiladigan salohiyatga ega mintaqa hisoblanadi.Besh mamlakatda 80 million kishilik aholining qariyb yarmi 30 yoshgacha. U Yevropa va Osiyoning iqtisodiy bloklari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin hisoblanadi. Joriy yil mintaqada yalpi ichki mahsulotning oʻsishi 4,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2,6 foizga jahon oʻrtacha koʻrsatkichidan ancha yuqori, Yevropa mintaqasining boshqa qismlariga qaraganda ancha baland. 21 asr boshidan buyon Markaziy Osiyoda sogʻliqni saqlash sohasida ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Erkaklarning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 5,2-yilga, ayollarniki 4-yilga oshdi (mos ravishda 70,3 va 76,2 yoshni tashkil etadi). Oʻtgan ikki oʻn yil davomida onalar oʻlimi darajasi ikki barobarga kamaydi. Sogʻliqni saqlash tizimining ushbu rivojlanishi yuqoriga yoʻnaltirilgan trayektoriyasini saqlab qolish nafaqat axloqiy burch, balki oqilona siyosiy va iqtisodiy imkoniyatdir.
Sohaga kiritilgan sarmoyalar iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Sogʻliqni saqlash sektori iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshadigan eng yirik oʻn sektordan biri, ish oʻrinlarining muhim manbai hisoblanadi. Italiyalik tadqiqotchi natijalariga koʻra, sogʻliqni saqlash sektori tomonidan ish oʻrinlariga sarflangan har bir yevro iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun 1,8 yevro olib keladi. Bu deyarli ikki barobar koʻp daromad keltiradi. Aholi boshiga YAIM va sogʻliqni saqlash sektorida bandlik oʻrtasidagi bogʻliqlik oʻtish davri iqtisodiyoti mamlakatlarda, masalan, Markaziy Osiyoda ancha kuchli, shuning uchun har qanday sarmoya yanada katta daromad keltirishi mumkin.
Odamlar farovonligiga sarmoya kiritish ijtimoiy kapitalni shakllantiradi. JSST tahliliga koʻra, ijtimoiy himoya, mehnat bozori siyosati va uy-joyga YAIMning atigi 0,1 foiz miqdorida sarmoya kiritish 80 million aholi (Markaziy Osiyo aholisi), 300 000 kishining hayotini 4-yil ichida yaxshilashi mumkin. Bundan tashqari, bu sogʻliqni saqlash masalalarida tenglikni taʼminlaydi.
Kichik yoshdagi bolalar sogʻligʻini himoya qilish tadbirlariga ustuvor eʼtibor berish, sakkiz barobarlik iqtisodiy daromad bilan taʼlim darajasini oshirish va ish bilan taʼminlash imkoniyatini kengaytirishga yordam beradi. Sogʻliqni saqlash sohasiga va farovonlikni oshirishga yoʻnaltirilgan sarmoya Markaziy Osiyo aholisiga oʻz salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga yordam beradi va butun mintaqada yaxshiroq kelajak yaratishga yordam beradi.
Hozir sogʻliqni saqlash sohasidagi aniq muammo va imkoniyatlarga eʼtibor qaratilsa, kelgusi yillarda bu oʻz samarasini beradi. Sohaga sarmoyaning ijobiy taʼsiri haqida boshqalarga oʻrnak boʻla oladigan ishonchli misollar keltira olamiz:
Xususan, Oʻzbekiston 2030-yilgacha sil kasalligini yoʻq qilish majburiyatini oldi. Soʻnggi yillarda mamlakatda silni tashxislash, davolash va nazorat qilish jarayoni takomillashtirildi. Qisqa muddat, xavfsizlik va 82 foiz muvaffaqiyat darajasi bilan ajralib turadigan JSST tomonidan ogʻiz orqali davolash uchun oʻzgartirilgan yangi protokollar joriy etilishi boshlandi.
Ikki yil oldin Markaziy Osiyo mamlakatlarining sogʻliqni saqlash vazirlari sogʻliqni saqlash sohasida 11 yoʻnalish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvga erishdi. Ushbu kelishuvni amalga oshirish mexanizmi sifatida birinchi navbatda Markaziy Osiyoda salomatlik va farovonlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi» ishlab chiqildi. Siyosiy rahbarlik, texnikaviy ustuvorlik va sogʻliqni saqlash sohasiga katta miqdorda sarmoya kiritishni birlashtirgan holda “Yoʻl xaritasi” Markaziy Osiyodagi beshta mamlakatning umumiy farovonligi uchun afzallikni kuchaytirishga qaratilgan.
Hozirgi vaqtda “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish uchun faol ishtirok etishni taʼminlash zarur. Bugungi kunda yangi texnologiyalar va “yashil” innovatsiyalarga sarmoya kiritish orqali mintaqada hayot darajasini yaxshilash va aholi farovonligini oshirish, oldinga yuksalish uchun imkoniyat mavjud.
JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi va Qirgʻiziston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 26-27-iyun kunlari Markaziy Osiyoda sogʻliqni saqlashga sarmoya kiritish boʻyicha Xalqaro forum tashkil etildi. Tadbirda sohaga sarmoya kiritishning ahamiyati taʼkidlandi. “Yoʻl xaritasi”ni oldinga surish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar namoyish etildi va sarmoya kiritish ustuvorligi qayta koʻrib chiqildi. Asosiy natijalardan biri – Markaziy Osiyo uchun sogʻliqni saqlash sohasida Investitsiya guruhini tashkil etish boʻldi. Jamoa sub-mintaqviy barqarorlik va farovonlikni mustahkamlash uchun mintaqaning kuchli tomonlari va strategik afzalliklaridan foydalangan holda koʻp mamlakatli sarmoyalar bilan shugʻullanadi.
Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, ijtimoiy birdamlikka erishish, atrof-muhitni tiklash va inson kapitalini mustahkamlash uchun sogʻliqni saqlash haqiqatan ham sarmoya kiritish uchun eng yaxshi soha ekani oydinlashmoqda.