O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Pokistondagi halokatli suv toshqinlaridan jabrlangan minglab insonlar uchun insonparvarlik yordami yuklari havo transporti orqali yetkazildi
29 sentabr 2022
Yaqinda sodir bo‘lgan halokatli suv toshqinlari natijasida jabrlangan minglab pokistonliklarga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining (BMT QOKB) o‘zaro hamkorlikdagi dastlabki insonparvarlik yordami yuklari havo yo‘llari orqali Termizdan Pokistonning Karachi shahriga yetkazilishi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etilgan samolyotda suv toshqini sababli uy-joyidan mosuvo bo‘lgan kishilarni vaqtinchalik boshpana bilan ta'minlash maqsadida qariyb 15 000 kg “qochoqlar uchun turar joy namunalari” yetkazib berildi.
BMT QOKB va O‘zbekiston vaziyat murakkabligicha qolayotgan Pokiston hududlaridagi suv toshqinlaridan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga qaraganda, suv toshqinlari natijasida 7,6 millionga yaqin kishi o‘zi istiqomat qiladigan hududdan ko‘chirilgan, shundan deyarli 600 000 nafari ijtimoiy ko‘mak beriladigan boshpanalarda yashayapti. Mamlakat rasmiylari eng ko‘p talofat ko‘rgan tumanlarda toshqin suvlarining chekinishi olti oygacha davom etishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Insonparvarlik yordami yuklari dastavval BMT QOKBning Mintaqaviy gumanitar-logistik markaziga keltirildi. Ushbu markaz 2021 yilda O‘zbekiston Respublikasi ko‘magida “Termez Cargo Centre” xalqaro transport-logistika xabi hududida tashkil etilgan.
BMT QOKBning Pokistondagi idorasi O‘zbekistondan yuborilgan insonparvarlik yordami yuklarini qabul qilib oladi va tarqatadi.
“Biz O‘zbekiston Hukumatining qo‘llab-quvvatlovi orqali BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi favqulodda vaziyatlarda tezkor gumanitar yordam ko‘rsatish imkoniga ega bo‘layotganini yuksak baholaymiz”, deya e'tirof etdi BMT QOKBning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Xans Fridrix Shodder.
Pokistondagi suv toshqinlari oqibatlarini bartaraf etish maqsadida eng zarur buyumlar ortilgan 100 ga yaqin yuk mashinalari allaqachon Termizdagi mintaqaviy xabdan yo‘lga otlangan, havo yo‘llari orqali amalga oshirilgan bugungi insonparvarlik yordami esa O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qo‘llab-quvvatlashi natajisidir.
BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Mintaqaviy gumanitar-logistik markazi mintaqadagi favqulodda vaziyatlarga tayyor turish hamda ularga javob qaytarish bo‘yicha BMT QOKB umumiy strategiyasining bir qismi hisoblanadi. U favqulodda vaziyatlarda birlamchi zarur buyumlar zaxirasini saqlashdan tashqari BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Afg‘oniston, Pokiston, Markaziy Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlarga moddiy insonparvarlik yordami yuklarini yetkazib berish uchun asosiy konsolidasiya va tashish nuqtasi sanaladi.
2022 yilning iyun' oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Termez Cargo Centre” majmuasiga “Gumanitar yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro ko‘p funksiyali transport-logistika xabi” maqomi berildi.
BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Pokistondagi suv toshqinlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi mahalliy hokimiyatlarga 1,2 milliondan ortiq insonparvarlik yordami yuklarini yetkazib berish rejasi doirasida moddiy-texnik ko‘mak ko‘rsatishni muvofiqlashtirishda davom etmoqda. Hozirga qadar BMT QOKB 1 milliondan ortiq birlamchi zaruriy buyumlarni aholiga tarqatish uchun mamlakat rasmiylariga topshirdi. O‘zbekistonda tashkil etilgan ushbu reysdan tashqari BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi insonparvarlik yordami yuklarini havo yo‘llari orqali yetkazib berish maqsadida Dubaydan 22 ta ana shunday parvozlarni amalga oshirdi.
BMTning Qochoqlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondagi vakolatxonasi
Tel.: +7 (727) 258 45 98
@UNHCR_Cent_Asia