Press-reliz

BMT Taraqqiyot Dasturi va BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi Yashil makon tashabbusini qo‘llab-quvvatlash uchun olg‘a qadam qo‘ydi

22 iyun 2022

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi (BMTTD), Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi (UNECE) o‘zaro hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasining Yashil makon tashabbusi amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlash uchun master-rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar” qo‘shma loyihasini ishga tushirmoqda.

Ushbu loyihani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad - uzoq muddatli innovatsion moliyalashtirish, muvofiqlashtirish va salohiyatni mustahkamlash taklifi orqali Yashil makon tashabbusi barqarorligi va iqlimga chidamliligini ta'minlashda   O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Loyiha har uch tashkilot: BMTTD, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda BMT yevropa iqtisodiyot komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladi. U milliy hamkor tashkilotlar, jumaldan, Moliya vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, O‘zgidromet, Suv xo‘jaligi vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va boshqa fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.

Rasm: © BMT Taraqqiyot Dasturi, O'zbekiston

Shu munosabat bilan 22 iyun kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi Hamkorlik kelishuvi to‘g‘risidagi hujjatni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda BMTTDning Yevropa va MDH davlatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktorining o‘rinbosari Marina Uolter xonim ishtirok etdi.

“Yashil makon tashabbusi mamlakatning iqlim o‘zgarish holatini yumshatish va iqlim ta'siriga moslashish bo‘yicha Parij kelishuvi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga imkon beradi. Mamlakatning ayrim hududlarida daraxtlar tuproq sifatini yaxshilashga, cho‘llanishning oldini olishga, hattoki uni qaytarishga ham yordam beradi. Chang bo‘ronlari katta xavf-xatarni anglatadi va ularni bartaraf etish mahalliy va xalqaro miqyosda mustahkam sherikchilik aloqalari va hamkorlikni talab qiladi” deya qayd etdi Marina Uolter o‘z nutqida. “Ushbu tashabbus tobora rivojlanib bormoqda va biz BMTTD sifatida kutilgan natijalarga erishish uchun uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarni safarbar qilish orqali loyihani qo‘llab-quvvatlashga intilamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Qo‘shma loyiha bir-birini to‘ldiruvchi ikkita o‘zaro bog‘liq va integratsiyalashgan asosiy faoliyat natijalarga erishish maqsadida amalga oshiriladi:

  1. O‘rmonzorlashtirish tashabbusini moliyalashtirish hamda samarali monitoring va nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish uchun innovatsion moliyaviy vositalar bilan moliyaviy rejalarni ishlab chiqish.
  2. O‘zbekiston landshaftlari va shaharlarini ko‘kalamzorlashitirsh: Barqaror kelajak uchun Master-rejalashtirish va ishlab chiqish.

BMTTD tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish loyihasi mamlakatni ixtiyoriy uglerod savdosi bozorlariga olib chiqadi va shu bilan bir qatorda o‘rmonzorlashtirish natijasida hosil bo‘lgan uglerod balansiga qaytishni ta'minlagan holda ko‘kalamzorlashtirish bilan bog‘liq moliyaviy harajatlarni kamaytirishga yordam beradi.

Shuningdek,  mazkur qo‘shma loyiha yashil va barqaror ish o‘rinlarini yaratish orqali barcha uchun ayniqsa, qishloq ayollari uchun munosib ish o‘rinlarini ochib berishga ham hissa qo‘shadi.

Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekistondagi iqlim o‘zgarishlari, jumladan cho‘llanish, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va Orol dengizining qurishi sabab bo‘lgan katta muammolarga duch kelmoqda. Mamlakatdagi haroratning qo‘tarilishi va ichimlik suvining muhim manbai bo‘lgan tog‘ muzliklarining global o‘rtacha ko‘rsatkichlardan tezroq eriyotgani iqlim xavf-xatarlarini yanada kuchaytirmoqda. Jahon Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, o‘rmonlar O‘zbekiston hududining bor-yo‘g‘i 7,7 foizini (xalqaro ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha pastroq) tashkil etsa ham, ular cho‘llanishni bartaraf etish, biologik xilma-xillik va landshaftlarni muhofaza qilishda juda muhim rol o‘ynaydi.

Iqlim o‘zgarishining salbiy ta'siriga qarshi kurashish maqsadida O‘zbekiston hukumati 2021-yil noyabr oyida Yashil makon/Green Nation deb nom olgan o‘rmonzorlarni ko‘paytirish tashabbusini ilgari surdi. Mazkur umumdavlat dasturi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan   Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi qatoriga kiritildi va u o‘zida yiliga 200 million daraxtlar ekish orqali mamlakatda o‘rmon ko‘lamini kengaytirishni nazarda tutadi.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
BMT YEIK
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yevropa Iqtisodiy Komissiyasi BMT YEIK

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar