BMTning afg‘on xalqiga insonparvarlik yuki Termiz shahriga keltirildi
15 oktabr 2021
Birlashgan Millatlar tashkiloti Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining shoshilinch gumanitar yuki ortilgan maxsus samolyot Termiz shahriga kelib qo‘ndi.
Mazkur reys BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Afg‘onistonga yordam berish va afg‘on xalqiga hayotiy muhim yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshiradigan keng ko‘lamli yordamining bir bosqichidir.
Termiz xalqaro aeroportiga olib kelingan va yana yaqin kunlarda yetkaziladigan 100 tonnadan ortiq asosiy favqulodda yordam yuklari Afg‘onistonda yashaydigan insonlarning qishga tayyorgarlik ko‘rishi uchun o‘ta muhim bo‘lgan narsalardan iborat.
Insonparvarlik yordami Afg‘onistonga yuborilgunga qadar Surxondaryo viloyatidagi «Termez kargo markazi» terminalida saqlanadi. Ushbu terminal O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasidan ikki kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, bu yerda yuklarni saqlash va qo‘shni mamlakatga jo‘natish uchun barcha sharoit mavjud. Ayni paytda qulay joylashuvi, yuklarni qabul qilish va o‘tkazish quvvati hamda turli xizmatlar ko‘rsatish keng yo‘lga qo‘yilgan terminalga afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish uchun muhim markaz sifatida qaralmoqda.

– O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildiramiz, – dedi BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili o‘rinbosari Dumitru Lipkanu. – Yordam yetkazib berish bo‘yicha ushbu yangi yo‘nalish Afg‘onistonda gumanitar inqirozni yengib o‘tish va millionlab zarar ko‘rgan insonlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha global say’-harakatlarni osonlashtiradi, deb hisoblaymiz.
BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti mamlakatlar guruhining bir qismi sifatida O‘zbekistonda hamkorlar bilan birga afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatishni davom ettiradi. Davlatlar, xususiy sektor va xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha yordam Afg‘onistonda inqirozga qarshi kurashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 3,5 million nafardan ortiq kishi ichki ko‘chirilgan shaxslar hisoblanadi. Shundan yarim millioni joriy yil boshidan buyon ichki ko‘chirilgan shaxslardir.
Gumanitar yordam yuki vaqtincha saqlash uchun «Termez Kargo Markazi» terminaliga joylashtirildi.