Press-reliz

O'zbekiston Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ko'magida sog'lom ovqatlanish targ'ibotini milliy siyosatning asosiga aylantirmoqda

12 yanvar 2021

  • O'zbekistonda JSSTning texnik rahbarligi va ko'magi bilan yuqumli bo'lmagan kasalliklarning oldini olish bo'yicha muhim qadamlar qo'yilmoqda. Yaqinda mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiluvchi hamda aholi salomatligiga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan ko'plab omillarni kamaytiradigan bir qator muhim chora-tadbirlar qabul qilindi.

Sog'lom ovqatlanish milliy siyosat targ'iboti sifatida

Tamaki va spirtli ichimliklarni iste'mol qilish, noto'g'ri ovqatlanish va jismoniy harakatsizlik kabi omillar bilan chambarchas bog'liq bo'lgan saraton, yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet va nafas olish yo'llaridagi hastaliklar O'zbekiston sog'liqni saqlash tizimining dolzarb muammolaridan bo'lib qolmoqda. Yuqumli bo'lmagan kasalliklar mamlakatdagi barcha o'limlarning taxminan 79% ini tashkil qiladi va yurak-qon tomir kasalliklari erta o'limning asosiy sababidir.

Izoh: O'zbekistonda joriy qilingan yangi qoidalar oziq-ovqat mahsulotlarini mamlakatning barcha aholisi uchun yanada sifatliroq bo'lishini nazarda tutadi
Rasm: © World Health Organization

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O'zbekistondagi vakili, doktor Lianne Kuppens: "Mamlakatdagi kata yoshdagi aholining qariyb uchdan bir qismi gipertoniya bilan kasallangan, beshdan bir qismida infarkt yoki insult xavfi yuqori", - dedi. "Bundan tashqari, erkaklarning to'rtdan bir qismidan ko'prog'i tamaki chekadi va kattalarning qariyb yarmi ortiqcha vaznga ega yoki semirib ketgan".

Bu xavotirli vaziyatni kamaytirish uchun 2020 yil boshida O'zbekiston sog'liqni saqlash vazirligi Prezident Administratsiyasi ko'magida mamlakatning barcha aholisi uchun oziq-ovqat mahsulotlarini sog'lomlashtiradigan qoidalar ustida ishlay boshladi. Noyabr oyida Prezident qarori shaklida yangi yondashuv qabul qilindi va shu asosda sog'lom ovqatlanish milliy siyosatning muhim qismiga aylandi.

JSST tomonidan targ'ib qilingan

Ushbu yangi yondashuvni tayyorlashda O'zbekiston hukumati ko'plab manfaatdor tomonlar bilan hamkorlik qildi. Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg'armasi (UNICEF) va JSSTning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishchi guruh va boshqaruv qo'mitasi a'zolari sifatida taklif qilindi. JSSTning yuqumli bo'lmagan kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish bo'yicha Yevropa byurosi hamda JSST Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi dasturi mazkur qonunchilik loyihasini qayta ko'rib chiqish bo'yicha texnik yordam taqdim etdi.

Prezidentning yangi qabul qilingan qarori eng yaxshi tajribalarga asoslangan umummilliy ovqatlanish siyosatini boshlab berdi, jumladan dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Un mahsulotlarini mikroelementlar bilan boyitish;
  • Homiladorlik va tug'ilishni qo'llab-quvvatlash uchun bolalar va ayollarni mikroelementlar hamda vitaminlar bilan, gelmintlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash;
  • Tayyor oziq-ovqat mahsulotlariga 2021 yil 1-iyuldan ixtiyoriy ravishda hamda 2025 yildan majburiy ravishda rangli belgilarni joriy qilish;
  • Yangi sanitariya-epidemiologiya me'yorlari va standartlarini joriy etish orqali aralash yog'larni bosqichma-bosqich yo'q qilish.

O'zbekistonning yuqumli bo'lmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda sog'lik va farovonlikni ta'minlashda hech kimni e'tibordan chetda qoldirmaslikka qat'iy qarori mamlakatning Barqaror rivojlanish maqsadlari va JSSTning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan "Yevropada sog'liqni saqlash uchun umumiy harakatlar" dasturiga to'la mos keladi.

Salomatlikni yaxshilash uchun keyingi qadamlar

Yangi dasturni tasdiqlash 2020 yil 30-noyabrda bo'lib o'tgan "Aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta‘minlash tizimini takomillashtirish" xalqaro onlayn-konferensiyasi kun tartibidan joy oldi. Tadbirda BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF), BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) va JSST mutaxassislari ishtirok etdi hamda O'zbekiston oziq-ovqat xavfsizligi tizimida joriy etilgan va taklif qilinayotgan islohotlarni, shuningdek, sog'lom ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bo'yicha umumiy siyosatni muhokama qilishdi.

"Bu dasturning joriy etilishi va amalga oshirilishi O'zbekistonda sog'lom ovqatlanish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish uchun juda muhim yutuqdir", - deydi JSSTning Yevropa mintaqaviy direktori maxsus maslahatchisi doktor Joao Breda. "Biz mamlakatdagi kelgusi qadamlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlaymiz va hamkorlikni davom ettirishga umid qilamiz".

Konferensiya O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Konrad Adenauer Jamg'armasi hamkorligida tashkil qilindi. Konferensiyada O'zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi to'g'risidagi yangi qonun loyihasi taqdim etildi hamda uni xalqaro standartlarga moslashtirish uchun BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF) va JSST bilan birgalikda muhokama qilishga kelishildi.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

JSST
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar