Press-reliz

Sog'liqni saqlash uchun jismoniy faollik muhim – JSST

28 noyabr 2020

  • Agar dunyo aholisi faolroq bo'lsa, yiliga 5 milliongacha o'limning oldini olish mumkin bo'lardi. Ko'p odamlar COVID-19 tufayli uyda qolayotgan bir paytda, JSSTning jismoniy faollik va harakatsizlik bo'yicha bugun e’lon qilgan yangi ko'rsatmalari har bir yoshdagi inson jismoniy faol bo'lishi mumkinligi va har qanday harakat muhim ahamiyat kasb etishi haqida ma'lumot beradi.

Yangi ko'rsatmalar barcha o'rta yoshli va yoshi katta insonlar uchun, shu jumladan, surunkali kasalliklari yoki nogironligi bo'lgan odamlar uchun haftada kamida 150 daqiqadan 300 daqiqagacha, bolalar va o'smirlar uchun esa kuniga o'rtacha 60 daqiqa faol jismoniy mashg'ulotlarni bajarishni tavsiya qiladi.

Izoh: Agar dunyo aholisi faolroq bo'lsa, yiliga 5 milliongacha o'limning oldini olish mumkin bo'lardi
Rasm: © WHO/Yoshi Shimizu

JSST statistikasi shuni ko'rsatadiki, har to'rtinchi katta yoshdagi inson va beshta o'smirdan to'rttasi yetarli jismoniy faollikka ega emas. Umuman olganda, bu holat oqibatlari sog'liqni saqlash sohasida 54 milliard AQSH dollarga, ishchanlikning yo'qotilishi esa yana 14 milliard AQSH dollarga tushadi.

Ko'rsatmalar ayollarni homiladorlik paytida va tug'ruqdan keyingi davrda muntazam jismoniy faollikni saqlashga undaydi. Shuningdek, ular jismoniy faoliyatning nogironligi bo'lgan odamlar sog'lig'i uchun foydaliligini ta'kidlaydilar.

Katta yoshdagilarga (65 yoshdan katta) kasallikka chalinishning oldini olish va sog'lig'ini yaxshilash uchun muvozanat va muvofiqlashtirishga, shuningdek, mushaklarni kuchaytirishga qaratilgan mashg'ulotlarni bajarishi tavsiya etiladi.

Muntazam jismoniy faollik yurak xastaligi, 2-toifa diabet va saraton kasalligining oldini olish va davolashda, shuningdek, asabiylashish va qo’rquv alomatlarini kamaytirishda, aqliy sustkashlikdan xalos bo’lishda, xotirani yaxshilashda va miya salomatligini mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi.

"Jismoniy faollik salomatlik va farovonlik uchun juda muhim – u umrimizni uzaytirshga yordam beradi", dedi JSST Bosh direktori doktor Tedros Adhanom Gebreyesus. "Har bir harakat, ayniqsa hozirgi pandemiya sharoitida, juda muhimdir. Hammamiz har kuni faol va sog‘lom harakat qilishimiz lozim".

Barcha jismoniy mashg'ulotlar foydali. Ularni ish, sport va hordiq jarayonida yoki transportda (piyoda, g'ildirakda va velosipedda), shuningdek, raqs, o'yin va kundalik uy vazifalarida, masalan, bog'dorchilik va tozalashda bajarish mumkin.

"Har qanday jismoniy faoliyat salomatlikni yaxshilashda yordam beradi", dedi JSSTning Salomatlikni mustahkamlash bo'yicha direktori doktor Ryudiger Krech. "Agar siz ko'p vaqtingizni ishda ham, maktabda ham o‘tirib sarflasangiz, harakatsizlikning zararli ta'siriga qarshi turish uchun ko'proq jismoniy faollik bilan shug'ullanishingiz kerak".

"Bu yangi yo'riqnomalar faol bo'lish tanamiz va ongimiz uchun qanchalik muhimligini hamda ijobiy natijalar har bir kishiga, har bir yosh va qobiliyat egasiga qanday foyda keltirishini ko'rsatib beradi", dedi JSSTning yangi ko'rsatmalarini ishlab chiqqan Jismoniy tarbiya bo'limi boshlig'I Doktor Fiona Bull.

JSST mamlakatlarni tashkilotning 2018-2030 yillardagi jismoniy faollik bo'yicha global harakat rejasini qo'llab-quvvatlash uchun sog'liqni saqlash milliy siyosatini ishlab chiqish bo'yicha global ko'rsatmalarni qabul qilishga chaqirdi. Bu reja 2018 yilda 71-Jahon sog'liqni saqlash assambleyasida sog'liqni saqlash sohasidagi xalqaro mutaxassislar tomonidan qabul qilinib, 2030 yilgacha jismoniy harakatsizlikni 15 foizga kamaytirishga qaratilgan.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

JSST
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar