O'zbekistonning Farg'ona viloyati Guliston qishlog'ida yashovchi 56 yoshli uy bekasi Fazilat Usvalieva qariyb 20 yil davomida har kuni ertalab katta idishni olib, eng yaqin quduqqa suv olib kelish uchun besh kilometr masofaga borishga majbur edi.
O'n litr suv yarim kun uchun yetishi kerak edi. Bunda ichish, ovqat pishirish va yuvish, shuningdek chorva mollarini suv bilan ta'minlash va boshqalar inobatga olinishi lozim.
Sobiq hamshira Fazilat kamtarona pensiyasi va vaqti-vaqti bilan mavsumiy dehqonchilik ishlardan topadigan puli bilan oilasi uchun yagona boquvchidir. U ishsiz qizi, qizining eri va uning uch farzandiga ham yordam beradi. Fazilatning eri esa asosan chet elda ishlab keladi.
Fazilatning holati bu yerda noodatiy emas. Hozirda har beshinchi erkakdan biri chet elda ishlaydi, shu sababli bu yerda ko'plab ayollar yakka o'zi oila boquvchisi hisoblanadi. Suv tashish ishi esa ular qiladigan kunlik son-sanoqsiz vazifalardan biridir.
4500 aholisi bo'lgan Guliston qishlog‘i mintaqaning markaziy shaharlaridan hisoblangan Farg'onadan atigi 20 kilometr uzoqlikda joylashgan, ammo infratuzilma jihatidan butun dunyodan uzilib qolgandek go'yo.
O'zbekistondagi boshqa qishloqlar singari Guliston qishlog‘i maktab, bolalar bog'chasi va qishloq vrachlik punktiga ega, ammo toza ichimlik suvi bilan ta'minlanmagan edi. Eskirgan suv ta'minoti tizimi infratuzilmasi buzilgan holatda edi.
Toza suvning yetishmasligi uy iste'molidan tashqari ham o'z salbiy ta'sirini ko'rsatadi. Bu mahalliy maktab va bolalar bog'chasida toza suv, hammom yo'qligi hamda bolalar ichishi yoki qo'l yuvishi uchun hech qanday sharoit yo'qligini anglatadi. Choy va tushlik tayyorlash uchun o'qituvchilar har kuni ertalab suv olib kelgani eng yaqin quduqqa besh kilometr masofani bosib o'tishlari kerak edi.
"Bu qanchalik qiyinligini tasavvur qilishingiz mumkin", deydi bir o'qituvchi. "Bir necha kilometr yurganingizdan so'ng, siz jismoniy kuchingizni yo'qotishni boshlaysiz va tizzalaringizga titroq kiradi. Ikki chelakni ushlab muvozanatni saqlash qiyinlashadi".
Bu holatda qanday qilib bolalarga to'g'ri gigiyenani o'rgatasiz?
"Tasavvur qiling-a, bolalarga har kuni bir necha marta qo'lingizni yuving va ovqat yeyishdan oldin ularni pokiza tuting, deb aytasiz, biroq bu uchun suv yo‘q", deydi bolalar bog'chasi mudiri Shaxzoda Jalilova.
Kasalxona ahvoli ham yaxshi emasdi. Xodimlar har kuni suv olish uchun quduqqa borishlari kerak edi va toza bo’lmagan suv sabab bemorlar orasida kasal yuqtirish xavfi darajasi yuqorilab borardi.
So'nggi 20 yil ichida hukumat aholiga, maktablarga va kasalxonalarga suv yetkazib berdi. Ammo aholi 1998-yildan beri deyarli ikki baravarga ko'payib, suvga bo'lgan talab oshib undan foydalanish uchun doimiy va barqaror tizimga ehtiyoj ko'paymoqda.
Geografik joylashuvi tufayli O'zbekiston suvning 85 foizini qo'shni mamlakatlardan, qolgan qismini esa kichik mahalliy suv manbalaridan oladi. Aholisi va iqtisodiy rivojlanishi jadal kengayib borayotgan mamlakatda suv tizimini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda O'zbekiston hukumati millionlab odamlarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan rivojlanish strategiyasini qabul qildi. Ushbu harakat Guliston qishlog‘ining suv inqirozi kabi muammolarini hal qilish uchun qo'shimcha turtki bo'lmoqda. Darhaqiqat, qishloqda hozirda aholini 100 foiz toza suv bilan ta'minlovchi tizim mavjud.
Qishloq aholisi uni rejalashtirishda va yangi ichimlik suvi tarmog'ini qurishda yordam berishdi. Yangi tashkil etilgan mahalliy suv kengashi tizimni boshqarish uchun o'qitildi.
"Ko'p yillar davomida odamlar bir kun suv keladi deb umid qilishgan edi", - deydi guruh rahbari Abduxalim Ismoilov. "Dastlabki ta'mirlash rejalarini boshlaganimizda mahalliy aholi bizni qo‘llab-quvvatlaydi va yordam beradi, deb kutmagan edik. Qurilishni tugatish va suv tizimini to'liq yangilash uchun atigi yarim yil vaqt sarfladik."
Sog'liqni saqlash punkti va maktab uchun ushbu natijalar quvonarlidir. Bemorlar orasida yuqumli kasalliklarni yuqtirish holati tez suratda pasaydi. Bolalar bog'chasiga boradigan bolalar soni 165 dan 200 taga yetdi.
"Men bolalarimizning tabassum qilganini tez-tez ko'ryapman", deydi Shaxzoda. "Keyingi qadam ularga qimmatbaho suvdan qanday foydalanishni o'rgatishdir."
Fazilat suv jo‘mragidan stakanni to'ldirib uchta nabirasining o'ynashini tomosha qilar ekan, o'tmishni eslaydi.
“Bu juda qiyin vazifa edi. Qish paytida, ayniqsa qorong'u bo'lganida, men ba'zan nabiralarimning uy vazifalariga xalaqit berib, ulardan menga hamroh bo'lishlarini iltimos qilardim. Menga onamdan qolgan "suv tashish" taqdirini nevaralarim ham baham ko'rishini tasavvur qilish yanada mushkulroq edi. Endi bu meni ortiq tashvishlantirmaydi."
Har oqshom idish yuvib, nabiralarining uy vazifalariga yordam berganidan keyin Fazilat o'zining sevimli kitobini o'qiydi. U hech qachon o'qish uchun vaqt va kuch topa olmagan, ammo endi unga buning imkoni bor.
Endi u va Guliston qishlog‘idagilar suv tashishiga hojat yo‘q.
Guliston qishlog‘idagi muvaffaqiyatli dastur Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va BMT taraqqiyot dasturi tomonidan suvdan foydalanuvchilar va fermer xo'jaliklari uyushmalari bilan yaqin hamkorlik qilish hamda aholining suvdan oqilona foydalanish bo'yicha xabardorligini oshirish orqali mamlakatning qishloq joylarida suv resurslarini boshqarishda yordam berish maqsadida amalga oshirilayotgan katta tashabbusning bir qismidir.