Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi
06 September 2024
5-6 sentyabr kunlari Toshkent shahrida “Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” mavzusida xalqaro forum tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, BMTning Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tashkiloti (FAO) bosh direktori S. Dun'yuy, dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan 32 ta davlat, xalqaro moliya tashkilotlarining yuqori vakillari, ilmiy doiralar, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor vakillari ishtirok etishdi.
Ushbu forumni tashkil etishdan asosiy maqsad, dunyodagi dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, oziq-ovqat xavfsizligi va iqlim o‘zgarishiga moslashish, logistika bilan bog‘liq muammolarni hal etishdan iborat. Ma'lumki, dunyo bo‘yicha 32 ta rivojlanayotgan davlatlarda dengizga chiqish imkoni mavjud emas. Forum ushbu davlatlardagi yuqorida keltirilgan mavjud muammolarini ijobiy hal etishga qaratilgan.
Forumning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov, FAO bosh direktori S. Dun'yuy, BMTning eng kam rivojlangan va dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha Oliy vakili Rabab Fatima, Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha komissari Yanush Voysexovskiy, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi IFAD prezidenti Alvaro Lariolar ishtirok etishdi.
“Men O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan mamlakat (LLDC) sifatida qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat tizimini rivojlantirishdagi harakatlarini alohida ta'kidlab o‘tmoqchiman. LLDC mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston ham allaqachon hududiy yondashuvdan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi salohiyatini amalga oshirishga qaratilgan aniq tashabbusda ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, ocharchilikka barham berish, qashshoqlikni kamaytirish va ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashish uchun zarur yordamini ko‘rsatish maqsadida FAOning yetakchi tashabbusi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro qo‘llab-quvvatlash asosida yo‘lga qo‘yilgan”, — deya ta'kidladi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori, Syuy Dunyuy.
Kunning ikkinchi qismida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishning dolzarbligi va imkoniyatlari mavzusidagi yuqori darajadagi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga turli mavzularda tematik sessiyalar olib borildi va ushbu masalalarning ijobiy yechimiga yo‘nalgan bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Shuningdek, FAO va O‘zbekiston hukumati tomonidan Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning agrosanoat tizimini barqaror isloh qilish to‘g‘risidagi deklarasiya qabul qilindi.
Tadbir doirasida dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat yo‘nalishidagi Investisiya forumi ham tashkil etildi. Unda, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi investisiya va eksport salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Forum davomida bo‘lib o‘tgan “B2B” sessiyalaridan so‘ng, har tomonning manfaatiga xizmat qiluvchi kelishuvga asoslangan bir qator hujjatlar imzolandi. So‘ng esa, forum ishtirokchilarining Toshkent shahar va viloyatida joylangan yirik qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va ulgurji savdo bozorlariga tashrifi amalga oshirildi.
Ta'kidlash lozim, ushbu forum O‘zbekistonni jahonning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi va tizimlarining hozirgi holati to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan mintaqaviy va global darajadagi asosiy masalalarni hal etish va qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini savdosi hamda investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yangi shartnoma va kelishuvlarga erishishga imkon yaratdi.
Bu kabi yirik loyihalarni davomli va tizimli amalga oshirish, ko‘shni va uzoq mintaqadagi davlatlar bilan istiqbolli shartnomalarga ixtisoslashgan uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish, shuningdek qishloq xo‘jaligi yo‘nalishiga oid yangidan-yangi investision kelishuvlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish sohaning yanada taraqqiy etishida birlamchi omil bo‘lib xizmat qiladi.