FAO Orolbo‘yi mintaqasida bog‘dorchilikning innovasion usullari va suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni targ‘ib qilmoqda
13 March 2022
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qishloq xo‘jaligidagi innovasion tajribalarni Orolbo‘yidagi uy xo‘jaliklari darajasida targ‘ib qilish maqsadida treninglar seriyasini davom ettirmoqda. 9-11 mart kunlari Qoraqalpog‘iston respublikasining Qo‘ng‘irot tumanida O‘zbekiston "Agrar soha ayollari" uyushmasi bilan hamkorlikda bog‘dorchilik va suvni tejaydigan texnologiyalar bo‘yicha treninglar tashkil etildi. Treninglar aholining ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan zaif qatlamlari vakillari salohiyati, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning yer resurslaridan samarali foydalanishlari va shu orqali o‘z oilalari daromadlarini oshirishiga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamg‘armasi va FAOning Orolbo‘yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilmoqda. Qo‘shma loyiha BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.
Bog‘dorchilik bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida degradasiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish, yerlarning unumdorligini oshirish, mineral va organik o‘g‘it turlari, ishlatish me'yorlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, asosiy e'tibor tomorqa yer maydonlarida sho‘rlangan tuproqlarga mos bo‘lgan urug‘li mevali bog‘larni tashkil etish va tomorqalardagi kichik hajmdagi issiqxonalarda sitrus mevalarni yetishtirish agrotexnologiyasiga qaratildi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bog‘larni kimyoviy va biologik himoya qilish usullari, yetishtirilgan mahsulotlarni saralash, qadoqlash va saqlash texnologiyalarini o‘rganib, tomorqa yerlarida bog‘lar tashkil etishga davlat tomonidan beriladigan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldilar.
Suvni tejovchi texnologiyalar bo‘yicha treningda aholi shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida tomchilab sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish tizimini aholi tomorqalarida to‘g‘ri ishlatish yo‘llari va suv resurslaridan oqilona foydalanishning boshqa masalalari kabi mavzular yoritildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘z shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun moddiy-texnik va moliyaviy resurlar bilan ta'minlash borasidagi mamlakatimizda yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirildi.
Trening tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb etish agrosanoat majmuasini yanada jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlashga hamda Orolbo‘yi mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi.