BMT va O‘zbekiston: Millionlab insonlar hayotini yaxshilash yo‘lida
16 mart 2026
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va O‘zbekiston Hukumati 2021–2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik davrini rasman yakunlab, o‘tgan besh yillik davr mobaynida erishilgan natijalarning atroflicha tahlilini taqdim etdilar.
2025-yil yakunlari ijtimoiy tenglik va infratuzilma sohalarida salmoqli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatmoqda. Xususan, 200 mingga yaqin kishi muhim ijtimoiy yordam bilan qamrab olindi hamda davlat tomonidan to‘lanadigan onalik nafaqalari tizimiga asos solindi. Raqamli transformatsiya jarayonlari 12,8 million fuqaro uchun davlat xizmatlaridan foydalanishni soddalashtirishda muhim rol o‘ynadi, 1,8 million ayol va chaqaloqlar esa ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, butun mamlakat bo‘ylab maktablarda o‘qitish uslublari zamonaviylashtirilib, raqamli savodxonlik joriy etildi; iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va "yashil ish o‘rinlari" yaratish maqsadida yangi ekologik tashabbuslarga start berildi.
Ushbu hamkorlik davri yakunlanar ekan, BMT o‘z diqqat-e’tiborini 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan yangi besh yillik Hamkorlik dasturiga qaratmoqda. BMTning O‘zbekistondagi Doimiy vakili Sabine Mahl xonim kelgusi bosqichning bosh tamoyili — "inson kapitaliga sarmoya kiritish" ekanligini alohida ta’kidladi. Yangi dastur taraqqiyotning inklyuziv bo‘lishini ta’minlashga, har bir inson, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari mamlakat ravnaqida faol ishtirok etishi hamda o‘z jamiyatida o‘z salohiyatini to‘la namoyon etishi uchun imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov xalqaro hamkorlar, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan olib borilayotgan izchil muloqot mamlakat taraqqiyotining asosi bo‘lganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning rahbarligi ostida so‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.