O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik Dasturini imzoladi
28 oktabr 2025
Hamkorlik Dasturi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo’chkorov hamda BMTning O‘zbekistondagi Rezident koordinatori Sabine Mahl tomonidan imzolandi.
Yangi Hamkorlik Dasturining maqsadi — inson taraqqiyotini ilgari surish, tengsizlikni kamaytirish va jamiyatdagi har bir inson taraqqiyot samarasidan bahramand bo‘lishini ta’minlashdir. Keyingi besh yil davomida ushbu Dastur O‘zbekistonning milliy rivojlanish ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlovchi 25 ta BMT agentliklari, jamg‘armalari va dasturlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Hamkorlik Dasturida oltita asosiy yo‘nalish belgilangan:
-
Samarali boshqaruv va adolat;
-
Munosib turmush va ijtimoiy himoya;
-
Sifatli sog‘liqni saqlash va farovonlik;
-
Inklyuziv va teng imkoniyatli ta’lim;
-
Iqlim o‘zgarishiga qarshi chora-tadbirlar va ekologik barqarorlik;
-
Orolbo‘yi mintaqasining kompleks rivojlanishi.
BMTning O‘zbekistondagi Rezident koordinatori ta’kidlashicha, yangi Hamkorlik Dasturi rivojlanish jarayonining markazida insonni qo‘yadi. Dastur har bir kishini, jumladan eng ijtimoiy jihatdan himoyaga muhtoj qatlamlarni ham o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishga va jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga rag‘batlantiradi. Shuningdek, u qayd etishicha, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi yangi 2026–2030 yillardagi hamkorlik mamlakatni 2030-yilga borib yanada farovon, inklyuziv va bardoshli davlatga aylantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Hamkorlik Dasturi, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasiga alohida e’tibor qaratadi. Ushbu yo‘nalish doirasidagi tashabbuslar hududni barqaror rivojlanish markaziga aylantirishga, aholining hayot sifatini yaxshilashga, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga hamda toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan.
Mazkur Dastur O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, bosh hamkor sifatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTning O‘zbekistondagi mamlakat jamoasi tomonidan davlat idoralari, mahalliy hokimiyatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, yoshlar, xususiy sektor va xalqaro hamkorlar bilan olib borilgan keng qamrovli maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti kunida o‘tkazilgan imzolash marosimi BMT Nizomi qabul qilinganligining yilligi munosabati bilan o‘tkazildi hamda O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik va do‘stlik aloqalarini yana bir bor tasdiqladi.