“Ishonch” jamgʻarmasi taʼlim olish imkoniyatlarini yaxshilash uchun Oʻzbekistonga 20 million dollar ajratadi
17 sentabr 2025
“Ishonch” jamgʻarmasining Boshqaruv qoʻmitasi 2025-yil 17-sentyabrda Namangan shahrida boʻlib oʻtgan “Kambag'allikdan farovonlik sari” III halqaro forumida mablagʻlarni qaytarish va taqsimlashning shaffof hamda qatʼiy tamoyillarga asoslangan jarayoniga sodiqligini tasdiqlashi barobarida “Maktablarda iqlim oʻzgarishiga chidamlilik hamda suv taʼminoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish” loyihasiga 20 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratishni eʼlon qildi. Loyiha rasman 2025-yil 1-oktyabrda oʻz ishini boshlaydi.
Boshqaruv qoʻmitasi restitutsiyaning oʻziga xos ramziy va amaliy ahamiyatga ega ekanligi, chunki, u avval ham korrupsiya bilan bogʻliq boʻlgan mablagʻlarni jamiyatga aniq foyda keltiradigan moddiy resurslarga aylantirganini taʼkidladi. Restitutsiya mablagʻlarini sogʻliqni saqlash, taʼlim va ijtimoiy infratuzilmaga yoʻnaltirish orqali “Ishonch” jamgʻarmasi umumiy rivojlanish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashda hisobdorlik va adolat muhim rol oʻynashi mumkinligini koʻrsatib beradi.
“Ishonch” jamgʻarmasi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (UNCAC) tamoyillariga muvofiq Shveysariya va Oʻzbekiston hukumatlari oʻrtasidagi restitutsiya toʻgʻrisidagi bitim asosida tashkil etilgan.
Bolalar va hamjamiyatlarga mablagʻ ajratish
Loyihada Oʻzbekiston boʻyicha kamida 45 ta qishloq maktabini taʼmirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan taʼminlash koʻzda tutilgan. Loyiha 31 500 nafar bola, ayniqsa, oʻsmir qizlar uchun kundalik taʼlim sharoitlarini bevosita yaxshilaydi. Ular gender jihatlarni hisobga olgan holda alohida qulayliklardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar, bu esa darslarni qoldirish holatlarini kamaytiradi. Qolaversa, loyiha yakunlangandan soʻng uning natijalari barqarorligini taʼminlash maqsadida, 2700 nafar maktab oʻqituvchilari va xodimlari iqlim oʻzgarishiga chidamlilik, SSGga gender jihatlar hisobga olingan yondashuv va jarayonlarga jamoatchilikni jalb qilish boʻyicha oʻqitiladi.
Kechiktirib boʻlmaydigan muammolarni hal qilish
Maktab yoshidagi bolalar soni tez oʻsib borayotgan mamlakatlar ichida Oʻzbekiston dunyodagi yuqori oʻrinlarda turadi. Bu yerda 1,4 milliondan ortiq oʻquvchi suv taʼminoti boʻlmagan yoki suv taʼminoti cheklangan maktablarga qatnaydi. Koʻpgina maktablar, ayniqsa qishloq joylardagi maktablarda hamon eskirgan hojatxonalar va samarasiz isitish tizimlaridan foydalanilmoqda. Mazkur loyiha iqlim oʻzgarishiga chidamli, inklyuziv va gender jihatlar hisobga olingan infratuzilmani joriy etish orqali bu dolzarb muammolarga yechim topadi hamda butun mamlakat boʻylab taʼlimga kelajakdagi investitsiyalar uchun namuna yaratadi.
Ochiqlik va hisobdorlik
Loyihaning poydevori ochiqlik va halollikdir. “Eng yaxshi maktabim” raqamli portali mahalliy hamjamiyatlar va keng jamoatchilikka byudjet, pudratchilar, qurilish muddatlari va ishlarning borishini real vaqt rejimida kuzatib borish imkonini beradi. Shuningdek, loyiha doirasida fuqarolik jamiyati ishtirokida xaridlar va taʼmirlash jarayonlarida adolatli, korrupsiyadan xoli, ota-onalar, oʻqituvchilar hamda mahalliy jamoalar oldida hisobdorlikni taʼminlovchi Halollik pakti sinovdan oʻtkaziladi.
Hamkorlarning fikr-mulohazalari
Shveytsariya elchisi Konstantin Obolenskiy fikricha:
“Shveytsariya ushbu restitutsiya mablagʻlari Oʻzbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadam xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi. Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yanada sogʻlom, xavfsiz va munosib muhitda taʼlim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz – bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir”.
Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Ilhom Norqulovning taʼkidlashicha:
“Ushbu tashabbus milliy ustuvor maqsadlarni dastaklab, taʼlim tizimimizni mustahkamlaydi. Iqlim oʻzgarishiga chidamli maktablarga pul ajratish va yangi boshqaruv vositalarini joriy etish orqali biz kelajak avlodlar uchun ham infratuzilma, ham hisobdorlikni yaratmoqdamiz”.
BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabine Mahl shunday deydi:
“Ushbu loyiha BMTning Oʻzbekistondagi jamoasi mamlakatdagi bolalar va oilalar uchun restitutsiya mablagʻlarini uzoq muddatli takomillashtirish jarayonlariga aylantirish boʻyicha sobitqadamligini koʻrsatib beradi. Biz toza suv, zamonaviy sanitariya va iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni shaffoflik va jamoatchilik nazorati bilan uygʻunlashtirib, nafaqat maktablarga, balki har bir bolaning ishonchi, tengligi va kelajagini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqdamiz”.
Jamgʻarmaning Fuqarolik jamiyati boʻyicha maslahat kengashi raisi Sayyora Xoʻjayeva fikriga koʻra:
“Fuqarolik jamiyati ushbu mablagʻlarning real natijalar berishini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Mustaqil monitoring va jamoatchilik ishtiroki orqali har bir maktabni taʼmirlash jarayonida ota-onalar, oʻqituvchilar va bolalarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda, restitutsiyaning pirovard maqsadi — mablagʻlarning Oʻzbekiston xalqi manfaatlari yoʻlida ishlatilishini taʼminlanadi”.
Milliy islohot namunasi
Yangi qurilish standartlari va maktablarni optimallashtirish boʻyicha milliy rejani qoʻllab-quvvatlagan holda, ushbu loyiha Oʻzbekiston taʼlim tizimini iqlim oʻzgarishiga chidamlilik va gender tenglik sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyotlarga moslashtiradi. U 4-BRM (Sifatli taʼlim), 6-BRM (Toza suv va sanitariya) va 13-BRMga (Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash) erishishga bevosita hissa qoʻshadi.
Qoʻshimcha maʼlumot olish uchun Jamgʻarma veb-saytiga oʻting: https://www.ishonch.org
OAV uchun bogʻlanish maʼlumotlari:
Anvarjon Meliboyev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi.
anvarjon.meliboev@un.org / +998 781 203 450