Press-reliz

O‘zbekiston yoshlari Jahon oziq-ovqat forumida ishtirok etdi

26 oktabr 2022

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Rimdagi bosh qarogohida “Sog‘lom ovqatlanish. Sog‘lom sayyora” mavzusida  forum bo‘lib o‘tdi. Anjumanda turli mamlakatlardan 2 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etdi va yana o‘n minglab kishi tadbirda onlayn qatnashdi.

FAO doirasida yil bo‘yi kuzatilgan voqealar orasida eng muhimlaridan biriga aylangan forumda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. 

Xususan, Jahon yoshlari, Ilm-fan va innovatsiya forumlari tashkil etildi. Uchrashuvlar yoshlar, fermerlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, siyosiy arboblar, olim va sarmoyadorlarning dunyodagi oziq-ovqat muammolari haqidagi muloqotini rivojlantirishga xizmat qildi.

Izoh: FAO doirasida yil bo‘yi kuzatilgan voqealar orasida eng muhimlaridan biriga aylangan forumda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Rasm: © FAO O'zbekiston

FAO bosh direktori o‘rinbosari Vladimir Raxmanin o‘z tabrik so‘zida shunday dedi: “Yoshlar ko‘p hollarda, ba’zan umuman, kelajakka ta’sir qiladigan  qarorlar qabul qilishga jalb qilinmaydi. bugungi rahbarlar  yoshlar fikriga quloq tutishi lozim. Oziq-ovqat tizimini o‘zgartirishda ularning kuchi muhim ahamiyatga ega va bugungi avlod bu boradagi qarorlarni qabul qilish jarayoni markazida bo‘lishi kerak”.

Ushbu xalqaro tadbirda mamlakatimiz tomonidan FAOning mamlakatimizdagi vakolatxonasining yoshlar ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi  Nargiza Xo‘jayeva, Toshkent davlat agrar universiteti doktoranti Saidjahon Hasanov va barqaror rivojlanish bo‘yicha startap-loyihalar rahbari  Ummatoy Yo‘ldosheva ishtirok etdi. 

Izoh: Ushbu xalqaro tadbirda mamlakatimiz tomonidan FAOning mamlakatimizdagi vakolatxonasining yoshlar ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi Nargiza Xo‘jayeva, Toshkent davlat agrar universiteti doktoranti Saidjahon Hasanov va barqaror rivojlanish bo‘yicha startap-loyihalar rahbari Ummatoy Yo‘ldosheva ishtirok etdi.
Rasm: © FAO O'zbekiston

O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan anjuman doirasida uyushtirilgan “Yoshlar uchun keng imkoniyat: qishloq xo‘jaligida raqamli vositalar va innovatsiya” mavzusidagi tadbirda yurtimizning faol yoshlari xorijlik tengdoshlari bilan tajriba almashib, ularga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha o‘z faoliyatlari haqida so‘zlab berishdi.

N.Xo‘jayeva ta’kidlaganidek, “Mamlakatmizda 2030 yilgacha samarali va barqaror oziq-ovqat tizimiga erishish bo‘yicha asosiy vazifalar O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan. Mazkur hujjat fermer xo‘jaliklari daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, oziq-ovqat xavfizligini ta’minlash va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish maqsadlariga xizmat qiladi.

 

Rasm: © FAO O'zbekiston

Jahon yoshlari forumi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari qishloq xo‘jaligi sohasida ta’limni erta yoshdan boshlab rivojlantirish, maktab o‘quvchilariga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish asosini o‘rgatish, qishloq yoshlari manfaatini rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbus, takliflarni ilgari surdi.

G. Abdullayeva, O‘zA

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar