Press-reliz

FAO O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotilishini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlamoqda

01 iyul 2022

Har yili dunyo miqyosida ishlab chiqarilgan barcha oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi yo‘qoladi yoki chiqindilarga aylanadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda oziq-ovqatning 40 foizi yig‘im-terim yoki qayta ishlash bosqichida yo‘qotiladi (oziq-ovqat yo‘qotishlari).

Rivojlangan mamlakatlarda xuddi shuncha foizdagi mahsulot iste'mol yoki chakana savdo bosqichida yo‘qoladi (oziq-ovqat chiqindilari). Shu bilan birga, uch milliarddan ortiq odam to‘yib ovqatlanmaydi yoki sog‘lom ovqat sotib ololmaydi. Sayyoramizning har bir aholisi bu vaziyatni o‘zgartirishga hissa qo‘shishi mumkin.

Rasm: © FAO O'zbekiston

30 iyun' kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "O‘zbekistonda oziq-ovqat yo‘qotilishi va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasini shakllantirish" mavzusidagi seminar ana shu masalalarga qaratildi.

Seminar davomida O‘zbekistonning oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotishlari va oziq-ovqat chiqindilarini boshqarishga oid qonunchiligi tahlili, ushbu masalalar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va daladagi o‘rganishlar natijalari bo‘yicha ma'ruzalar tinglandi, shuningdek, mahsulotlarning yo‘qotilishini oldini olish va kamaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar bayon qilindi. So‘ngra O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotilishi va oziq-ovqat chiqindilarining oldini olish va kamaytirish strategiyasi loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Strategiyaning qabul qilinishi O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlari barqarorligini yaxshilashga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga, shuningdek, biznesni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishga yordam beradi. Bundan tashqari, oziq-ovqat yo‘qotishlari va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga va Barqaror rivojlanish bo‘yicha 2030 yilgacha bo‘lgan davrdagi kun tartibiga erishish yo‘lidagi muhim vazifadir”, - deydi FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov.

Seminarda qayd etilganidek, Barqaror Rivojlanish Maqsadlarining 12.3-vazifasi “2030 yilga kelib, chakana va iste'molchilar darajasida jon boshiga oziq-ovqat chiqindilarining global miqdorini ikki baravar kamaytirish va ta'minot zanjirlarida oziq-ovqat yo‘qotishlarini, shu jumladan o‘rim-yig‘imdan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirishni” ko‘zda tutadi. Seminar ishtirokchilari loyihaning amalga oshirilishi ushbu natijalarga erishishda o‘z hissasini qo‘shishiga umid bildirdilar.

Seminar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida FAO-Turkiya hamkorlik dasturi (FTPP II) doirasida amalga oshirilayotgan "Markaziy Osiyo, Ozarbayjon va Turkiyada oziq-ovqat yo‘qotilishi va oziq-ovqat  chiqindilarini kamaytirish" loyihasi doirasida o‘tkazildi. Loyiha Ozarbayjon, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlariga oziq-ovqat mahsulotlari yo‘qotilishi va oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda yordam berishga qaratilgan bo‘lib, oziq-ovqat tizimining fermerlardan to iste'molchilargacha bo‘lgan barcha sohalarini qamrab oladi.

Loyihaning asosiy benefisiarlari qishloq xo‘jaligi bilimlari va tajribalarini tarqatish bo‘yicha mutaxassislar, milliy muassasalar, nodavlat tashkilotlar xodimlari, shuningdek, turli fermerlar va ularga aloqador tashkilotlar vakillari va ta'minot zanjirining boshqa ishtirokchilaridir.

 

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

FAO
BMTning Oziq-Ovqat va Qqishloq Xo'jaligi Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar