Press-reliz

Mehnat qonunchiligining gender auditi boʻyicha vebinar tashkil qilindi

28 may 2021

  • 2021 yil 25 mayida gender tengligi boʻyicha beshinchi onlayn seminar boʻlib oʻtdi. Mazkur seminar mehnat qonunchiligining gender auditi masalasiga bagʻishlandi. Bu vebinarlar turkumi BMTning O'zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirish boʻyicha Qoʻshma dastur doirasida oʻtkazilib, davlat organlari va fuqarolik jamiyatining gender tengligini ta’minlash boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan.
Rasm: © XMT

Vebinar qonunchilikning gender auditi boʻyicha nazariy va amaliy yondashuvlarga bagʻishlandi. Oliy Majlis, vazirliklar va Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) ijimoiy hamkorlari boʻlmish Kasaba uyushmalari Federatsiyasi vakillari vebinarda qatnashdilar. Tadbirni ocha turib, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari Bahodir Umurzoqov Oʻzbekistonda gender tengligini ta’minlash boʻyicha olib borilayotgan islohotlar, xususan, oʻtgan yili qabul qilingan aholini ish bilan ta’minlash toʻgʻrisidagi qonunga toʻxtalib oʻtdi. U bu qonunda ish joyida gender tengsizligiga barham berish uchun yangi yondashuv qabul qilinganini ta’kidladi. Biroq, erishilayotgan yutuqlarga qaramay, bu yoʻnalishda hamon qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, Bahodir Umurzoqov ayollar va qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari, munosib mehnat sharoitlari va bola parvarishlash sifatini yaxshilash, teng qiymatdagi mehnat uchun teng haq toʻlash, haq toʻlanmaydigan uy va qishloq xoʻjaligidagi mehnatda adolat oʻrnatish masalalariga urgʻu berdi. U ishlab chiqilayotgan yangi mehnat kodeksida bu muammolarni hal qilish uchun zarur choralar koʻzda tutilishini aytib oʻtdi va ushbu vebinarlar turkumi qabul qilinadigan qonun hujjatlari sifatini oshirishga yordam berishiga ishonch bildirdi.

Vebinarning asosiy qismida XMT mehnat huquqi boʻyicha mutaxassisi Valeri Van Getem gender auditining nazariy asoslari, uning vazifalari va metodikasi bilan tanishtirdi. Bundan tashqari, 2019-2023 yillarga moʻljallangan ayollar va qizlarning qonunda tengligini ta’minlash boʻyicha BMT strategiyasi uning taqdimotida alohida oʻrin egalladi. XMT gender tengligi va kamsitishlarga chek qoʻyish boʻyicha texnik mutaxassisi Valentina Begini mehnat qonunchiligida gender tengligini ta’minlash boʻyicha Xalqaro mehnat tashkilotida qabul qilingan tamoyillar va yondashuvlar haqida umumiy ma’lumot berib oʻtdi. Ishtirokchilar gender auditining asosiy parametrlariga katta qiziqish bildirdilar, ularning fikricha, bu parametrlar me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashuvchi mutaxassislar uchun qoʻllanma sifatida xizmat qiladi. Taqdimotdan soʻng ishtirokchilar rivojlanayotgan mamlakatlarda gender auditining muhim jihatlarini muhokama qildilar.

Olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida oʻtkazilgan qisqa soʻrovdan soʻng vebinarning amaliy qismiga oʻtildi. Ishtirokchilar hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining ishchi loyihasining alohida boʻlimlari misolida gender auditini oʻtkazdilar.

XMT Ijtimoiy himoya boʻyicha mutaxassisi Yasmina Papa vebinarga xulosa qilgan holda, XMT Oʻzbekistonning gender tengligini ta’minlash borasida amalga oshirayotgan islohotlarini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi va vebinar qatnashchilari tomonidan bildirilgan milliy qonunchilikning gender auditini hamkorlikda oʻtkazish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi. Shuningdek, u vebinar ishtirokchilariga mehnat qonunchiligini ishlab chiqish jarayonlarida faol ishtirok etish va qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlarni gender tengligi nuqtai nazaridan baholashga chaqirdi.

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

XMT
Xalqaro Mehnat Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar