Press-reliz

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining Vaktsinalar xavfsizligi bo’yicha global maslahat qo’mitasi (VXGMQ) COVID-19 vaktsinalari bo’yicha quyi qo’mitasining AstraZeneca kompaniyaga tegishli COVID-19ga qarshi vaktsinasining xavfsizligi bilan bog’liq bo’lgan

19 mart 2021

  • 2021 yil 17 mart kuni holatiga ko’ra dunyo boyicha COVID-19 kasalligining 120 milliondan ortiq holati, shu jumladan 2 milliondan ortiq o’lim holati qayd etildi. Emlash koronavirus infektsiyasi bilan kasallanish va undan o’lishning oldini olish va pandemiyaga qarshi kurashishning eng muhim vositalaridan biri bo’lib qolmoqda.

Bugungi kunga kelib Yevropada 20 milliondan ortiq AstraZeneca vaktsinasi dozasi va Hindistonda 27 milliondan ortiq Covishield vaktsinasi (AstraZeneca kompaniyasining “Serum Institute of India” tomonidan ishlab chiqarilgan vaktsinalari) dozasi qo’llanilgan.

VXGMQning COVID-19ga qarshi vaktsinalar bo’yicha quyi qo’mitasi 2021 yil 16 va 19 mart kunlari AstraZeneca kompaniyasining COVID-19ga qarshi vaktsinasi bilan emlangandan so’ng tromboz (qon quyqalarining hosil bo’lishi) va trombotsitopeniya (qonda trombotsitlar sonining kamayishi) holatlari bo’yicha mavjud xabarlarni va ma’lumotlarni o’rganib chiqish uchun virtual majlis o’tkazdi.

Quyi qo’mita vaktsina xavfsizligi to’g’risidagi klinik tadqiqotlar va Yevropa, Buyuk Britaniya, Hindistondan va JSSTning noxush hodisalar to’g’risidagi ayrim xabarlarni tizimga soluvchi Vigibase global ma’lumotlar bazasidan olingan ma’lumotlarga asoslangan hisobotlarni tahlil qilib chiqdi.

Mavjud ma’lumotlarni chuqur ilmiy tahlil qilish natijalariga ko’ra quyi qo’mita quyidagi xulosalarga keldi va quyidagi tavsiyalarni ta’riflab berdi:

  • AstraZeneca kompaniyasining COVID-19ga qarshi vaktsinasi (shu jumladan Covishield vaktsinasi) hali ham foyda/xavfning ijobiy nisbatiga ega deb tan olindi va butun dunyo bo’ylab koronavirus infektsiyasi yuqishining oldini olish va undan o’lish holatlari sonini kamaytirish uchun ulkan imkoniyatlarga ega.
  • Mavjud ma’lumotlar COVID-19ga qarshi vaktsina kiritilgani natijasida tromboz bilan kasallanishning, masalan, chuqur venalar trombozi yoki o’pka arteriyasining tromboemboliya holatlari tarqalishining umumiy oshganligini ko’rsatmaydi. COVID-19ga qarshi vaktsina bilan emlashdan keyin tromboemboliya holatlari ro’y berishi chastotasi to’g’risidagi mavjud ma’lumotlar bunday patologik holatlarning kutilayotgan soni doirasidadir. Trombozning har ikkala turi tabiiy ravishda aholi orasida uchraydi va ular nodir patologiya emas. Ular COVID-19 kasalligi natijasida ham paydo bo’lishi mumkin. Emlashdan keyin trombozlarning qayd etilgan paydo bo’lish chastotasi kutilayotgan ko’rsatkichlardan past.
  • AstraZeneca kompaniyasining COVID-19ga qarshi vaktsinasi bilan emlashdan so’ng Yevropada trombotsitopeniya bilan birga kelgan juda kam uchraydigan va ayrim tromboemboliya holatlari, masalan, miya qattiq pardasi sinuslari trombozi aniqlanganligi to’g’risida xabar berildi, biroq uning emlash bilan sabab-oqibat aloqasining mavjudligi aniqlanmadi. Yevropa dori vositalari agentligining farmakologik nazorat va xatarlarni baholash qo’mitasi Yevropada AstraZeneca kompaniyasi vaktsinasining 20 milliondan ortiq dozasi kiritilganidan so’ng miya qattiq pardasi sinuslari trombozining aniqlangan 18 holati to’g’risidagi ma’lumotni o’rganib chiqdi. Hozirgi vaqtda emlash va ushbu patologiyaning paydo bo’lishi o’rtasidagi sabab-oqibat aloqasining mavjudligi aniqlanmadi (1).
  • Tibbiyot xodimlari va emlanuvchilarga COVID-19ga qarshi har qanday vaktsina bilan emlangandan so’ng barcha jiddiy noxush holatlarning belgilari va alomatlarini aniqlash masalalari bo’yicha tegishli yo’riqnomalar berilishini ta’minlash zarur, shunda bemorlar o’z vaqtida va kerakli tibbiy yordam va davolanishni olishlari mumkin bo’ladi.
  • VXGMQning quyi qo’mitasi mamlakatlarga COVID-19ga qarshi barcha vaktsinalarning xavfsizligini monitoring qilishni davom ettirishni va yuzaga kelishi mumkin bo’lgan noxush hodisalar to’g’risida xabar berishni rag’batlantirishni tavsiya qiladi.
  • VXGMQning quyi qo’mitasi, shuningdek, Yevropa dori vositalari agentligining bunday ko’rinishlarni tekshirishni davom ettirish va ularni monitoring qilish xususidagi rejalariga qo’shiladi.

VXGMQning COVID-19ga qarshi vaktsinalar bo’yicha quyi qo’mitasi COVID-19ga qarshi barcha vaktsinalarning xavfsizligi to’g’risidagi ma’lumotlarini tahlil qilishni davom ettiradi va zarur bo’lganda yangi tavsiyalarni beradi. JSSTning COVID-19ga qarshi vaktsinalar xavfsizligini monitoring qilish bo’yicha qo’llanmasida, uning matnini ushbu havola orqali ko’rish mumkin, COVID-19ga qarshi yangi vaktsinalar bilan emlangandan keyin xavfsizlikni monitoring qilishni tashkil etish va o’tkazish va noxush hodisalar to’g’risidagi ma’lumotlar bilan almashish bo’yicha tavsiyalar berilgan.

(1)  Yevropa dori vositalari agentligining bayonoti: https://www.ema.europa.eu/en/news/covid-19-vaccine-astrazeneca-benefits-still-outweigh-risks-despite-possible-link-rare-blood-clots

Buyuk Britaniyaning dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari muomalasini nazorat qilish agentligining bayonoti: https://www.gov.uk/government/news/uk-regulator-confirms-that-people-should-continue-to-receive-the-covid-19-vaccine-astrazeneca

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

JSST
Jahon Sog'liqni Saqlash Tashkiloti

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar