Press-reliz

BMT COVID-19 ga qarshi vaksinalar barchaga teng va adolatli taqsimlanishini ta’minlash maqsadida #OnlyTogether harakatiga start berdi

11 mart 2021

  • Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalar barchaga teng va adolatli taqsimlanishini ta’minlash maqsadida Birlashgan millatlar tashkiloti #OnlyTogether (Faqat birga) harakati boshlanganini e’lon qildi.

Ushbu tashabbus vaksinalar barcha davlatlarga yetarli miqdorda yetkazilishini hamda eng avvalo sog'liqni saqlash tizimi xodimlari va aholining himoyaga muhtoj qatlami emlanishini maqsad qilgan.  

Rasm: © UN Information Office, Tashkent

Davomli aziyatlar to'lqini

“Virus 2.5 milliondan ortiq odamning umriga zomin bo'ldi, yana bir necha million odamlarni uzoq vaqtgacha saqlanib qoluvchi hastaliklarga giriftor qildi”, dedi BMT Bosh kotibi Antonio Guterresh loyihaga video xabar orqali start berar ekan.

“O'tgan yil davomida barchamiz o'zimiz uchun sevimli bo'lgan ko'plab ishlar, xususan, do'stlar bilan birgalikda ovqatlanish, ishga, o'qishga borish kabilarning qadriga yetdik, sog'indik”, dedi BMT Bosh kotibi o'rinbosari Amina Mohammad. Uning so'zlariga ko'ra, millionlab odamlar o'zlari uchun yaqin bo'lgan insonlarini yo'qotdi, yana ko'pchilikning hayoti izdan chiqdi.

Umidning yangi davri

Vaksina ishlab chiqarish bo'yicha tarihdagi eng katta harakatning bir qismi sifatida ayni damda dunyo bo'ylab millionlab vaksinalar yer sharining turli nuqtalariga, kam ta’minlangan mamlakatlariga yetkazib berilmoqda. Bunda BMT shafeligidagi COVAX loyihasining o'rni beqiyos.

COVID-19 vaksinalari o'limlar sonini keskin kamaytiradi, kasallik yangi turlari paydo bo'lishining oldini oladi, mamlakatlar iqtisodiyotini qayta tiklashga ko'maklashadi va pandemiyani tugatish uchun umid beradi.

Vaksina yaratish yo'lidagi ulkan ilmiy ishlar kasallikni yengish uchun ko'maklashishiga umid bildirib, Amina Mohammad barchani birga harakat qilishga chaqirdi. “Faqat birgalikda harakat qilsakgina, odamlarga vaksina olish imkonini yaratib bersakgina ushbu kasallikka barham berishimiz mumkin. Bu umidlarimiz ro'yobini beruvchi asosiy yo'ldir”, dedi u.

Barcha uchun birdek imkoniyatlar

Ayrim “boy mamlakatlar vaksinaning asosiy qismiga egalik qilayotganidan” xavotirda ekanligini bildirib, Antonio Guterresh koronavirusga qarshi vaksinalar jamoat mulki sifatida ko'rilishi kerakligini ta’kidladi.

2021 yil yakuniga qadar COVAX loyihasi unga qatnashayotgan har bir davlat fuqarolarining uchdan bir qismiga vaksina yetkazib berishni maqsad qilgan. Lekin ayrim hollarda mamlakatlar o'rtasidagi tafovut sezilarli darajada katta. Dunyoning eng boy o'nta davlati jami vaksinalarning deyarli 80 foiziga egalik qiladi. Ularning ba’zilari keyingi bir necha oyda o'z fuqarolarini to'liq emlashni reja qilmoqda.

“Hech bir mamlakat ushbu inqirozni yolg'iz yengib o'ta olmaydi. Shunday ekan, hukumatlar va ishlab chiqaruvchilar vaksinalar va ularni ishlab chiqaruvchi texnologiyalarni boshqalar bilan ham baham ko'rishi kerak. Shundagina dori vositalari tezroq manzillarga yetib boradi va maqsadli ishlatiladi”, dedi BMT Bosh kotibi.

COVAX loyihasi unda qatnashayotgan 190 mamlakatdan yordam oladi. Joriy yil yakuniga qadar emlanishi zarur bo'lgan qatlamga ko'maklashish uchun loyihaga yana 2 milliard dollar kerak.

 

Anvar Meliboev

Anvar Meliboev

UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNDGC
United Nations Department of Global Communications

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar