Press-reliz

UNICEF, XMT va BMTTD milliy ijtimoiy himoya tizimini qo’llab-quvvatlash bo’yicha qo’shma sa’y-harakatlari to’g’risidagi hisobot taqdimoti

27 noyabr 2020

  • Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF), Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish bo‘yicha Hukumat bilan birgalikda amalga oshirgan Qo‘shma dasturning erishgan natijalari, yutuqlari va kelgusi rejalari to‘g‘risida taqdimot qildilar. 

Moliya vaziri o‘rinbosari Jamshid Abruev va BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori raislik qilgan Yillik hisobot va Donorlar majlisida tegishli hukumat vazirliklari, milliy manfaatdor tomonlar, jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekistonda ish beruvchilar konfederatsiyasi, O‘zbekiston nogironlar uyushmasi, shuningdek xalqaro donor tashkilotlari va BMT agentliklaridan 40 dan ziyod vakillar ishtirok etdi.

Rasm: © UN in Uzbekistan

2020-yil yanvar oyida YuNISEF, XMT va BMTTD O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda "O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini mustahkamlash to‘g‘risida"gi Qo‘shma dasturni amalga oshirishni boshladi. Mazkur Dastur, 2020 yilgi Davlat dasturida ko‘zda tutilganidek, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi va natijadorligini oshirishga qaratilgan. Dastur O‘zbekistonni quyidagi masalalarda qo‘llab-quvvatlaydi: 1) aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish; 2) siyosatni ishlab chiqish va ijtimoiy himoyani ta'minlashda idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun samarali muassasa shaklini yaratish; va 3) nogironlikni (imkoniyatlar chegaralanganligini) baholash va ijtimoiy himoyaga muhtoj va eng ko‘p xavf ostida bo‘lgan aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni, 2030 yilga mo‘ljallangan "Hech kimni bee'tibor qoldirmaslik" mavzuidagi kun tartibining asosiy tamoyiliga muvofiq, joriy etish.

“BMTning Ijtimoiy himoya bo‘yicha Qo‘shma dasturi – bu O‘zbekistonning ijtimoiy himoya tizimidagi tarqoqlikni kamaytirish uchun ajoyib imkoniyat. Ijtimoiy himoya uchun sarflanadigan mablag‘lar milliy barqaror rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga, shu jumladan kambag‘allik va tengsizlikni kamaytirish (1-BRM va 10-BRM), sog‘lom turmush va farovonlikni ta'minlash (3-BRM), gender tengligi (5-BRM), shuningdek, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish (8-BRM) sohalariga kiritilayotgan sarmoya sifatida qaralishi lozim. Ijtimoiy himoyaga sarmoyalar, shuningdek, hech kimni bee'tibor qoldirmaslikni ta'minlashga yordam beradi hamda jamiyatimizning muhim va ajralmas qismi bo‘lgan, ammo ko‘pincha beparvolik bilan qaraladigan, nogironligi bo‘lgan insonlar guruhiga e'tiborni jamlaydi» - Xelena Freyzer xonim, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori.

2020 yilda BMTning Qo‘shma dasturi doirasida asosiy milliy sheriklar bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatildi. Tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Qo‘shma dastur tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasining konsepsiyalari va institusional islohotlar variantlari ishlab chiqildi. U nogironlikni baholashda Funksionallikning xalqaro tasnifini joriy etish bo‘yicha salohiyatni oshirish o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan insonlardan tarkib topgan fuqarolik jamiyati tashkilotlari uchun, mahalliy foydalanuvchilar tomonidan boshqariladigan ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun, mikro grantlar taqdim etishni boshladi.

“«Biz O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda sohada kuchli muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish ustida ish olib bormoqdamiz. Kuchli ijtimoiy himoya tizimi kambag‘allikning bolalarga umr bo‘yi qaytarib bo‘lmaydigan ta'sirini kamaytirishga qodir», - dedi YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari janob Munir Mamadzade. "Kelajakda demografik dividenddan foydalanish uchun O‘zbekiston bugun o‘z farzandlari va yoshlariga tegishli sarmoyalarni kiritishni boshlashi zarur."

«Moliya vazirligi muvofiqlashtirayotgan milliy ijtimoiy himoya strategiyasining konsepsiyasi ishlab chiqilar ekan, Dastur ishtirokchilari keng ko‘lamli milliy ijtimoiy himoya tizimini loyihalashtirish yo‘lida muhim qadam tashladilar. Milliy strategiya odamlarning daromad olishini kafolatlaydi, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy xizmatlardan samarali foydalanishga yo‘l ochadi hamda iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish uchun keng sharoit yaratib beradi. Ushbu siyosiy chora-tadbirlar ichki talabni kuchaytirishda, korxonalarning o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashda, munosib mehnatni rag‘batlantirishda hamda barcha insonlarning ijtimoiy ta'minot huquqidan foydalanishi uchun muhim bo‘lgan inklyuziv va barqaror o‘sishni ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi. – Ol'ga Koulaeva xonim, XMTning Munosib mehnat masalalari bo‘yicha guruh hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mamlakat byurosi rahbari.

“Nogironligi bo‘lgan insonlar tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish orqali, BMTTD o‘z faoliyatini ijtimoiy himoya tizimining inklyuzivligini ta'minlash va jamiyatning barcha a'zolari uchun teng huquqli ishtirok etish imkoniyatini yaratishga yo‘naltiradi. BMT ijtimoiy himoya bo‘yicha Qo‘shma dasturining 3-ustuni nogironligi bo‘lgan insonlarga xizmatlardan yanada yaxshiroq foydalanish imkoniyatini ta'minlash uchun O‘zbekistondagi nogironlikni baholash va aniqlash jarayonini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan. Biz BMTning Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikasiya qilishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqdamiz.” – Matilda Dimovska xonim, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili.​​​​​​​

«BRM Jamg‘armasi O‘zbekistonda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilinganligini mamnuniyat bilan e'tirof etadi. Biz hukumatga nogironlik masalasini o‘z ichiga olgan ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy strategiyani qabul qilishda yordam beramiz. Ishonamizki, hech qanday jamiyat barcha insonlarning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan insonlarning to‘liq va inklyuziv integratsiyasi va ishtirokisiz barqaror rivojlanish maqsadlariga erisha olmaydi.” – deya ta'kidladi Liza Kurbiel xonim, BRM Qo‘shma jamg‘armasi kotibiyati rahbari.​​​​​​​

2021 yilda Qo‘shma Dastur Hukumat va asosiy milliy sheriklar bilan birgalikda Milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ijtimoiy himoya tizimining tashkiliy shakli konsepsiyasini ishlab chiqadi, nogironlikni baholashda va yashash joyi bo‘yicha ijtimoiy xizmatlarni taqdim etishda Funksionallikning xalqaro tasnifini joriy etishni tajriba qilish, hukumat xodimlarining yagona  ijtimoiy himoyani ta'minlashdagi salohiyatlarini oshirish, ijtimoiy himoyani boshqarish bo‘yicha axborot tizimi bo‘lmish, Yagona reestrni yanada rivojlantirish va tadbiq etish yo‘lida ishlarni davom etadi.

Qo‘shma dastur taqdimotidan so‘ng, ishtirokchilar sohadagi boshqa qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan fikr almashdilar hamda 2021 yilga rejalashtirilgan chora-tadbirlarni takomillashtirish bo‘yicha o‘z ekspert maslahatlarini berdilar. 

Anvar Meliboev

Anvar Meliboev

UNIC
Jamoatchilik bilan aloqalar bo'yicha milliy maslahatchi

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

XMT
Xalqaro Mehnat Tashkiloti
BMTTD
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi
UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar