Press-reliz

UNICEF O‘zbekistondagi bolalar vaziyati tahlilini taqdim etdi va COVID-19 pandemiyasi bolalar huquqlari borasida erishilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirdi

20 noyabr 2020

  • Hisobot O‘zbekistondagi bolalar vaziyatini tahlil qiladi va ularning farovonligini ta'minlash bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Jahon bolalar kunida UNICEF O‘zbekistondagi bolalar vaziyatining tahlili bo‘yicha yangi hisobotni taqdim etdi va COVID-19 pandemiyasi erishilgan yutuqlarni yo‘qqa chiqarishi hamda butun mamlakat bo‘ylab eng zaif bolalarning vaziyati yomonlashishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Izoh: UNICEF Launches Situation Analysis on Uzbekistan Children and warns that COVID 19 pandemic can erode gains made on Children’s Rights
Rasm: © UNICEF Uzbekistan

Asosiy manfaatdor tomonlar, jumladan, vazirliklar, fuqarolik ja'miyati tashkilotlari, ilmiy doiralar, donorlar va xususiy sektor vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tahlil bolalarning omon qolishi, bolalar mehnatiga barham berish va erta yoshdagi bolalar ta'limining yaxshilanishi tendensiyalarini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, hisobotda eng kam ta'minlangan oilalardagi bolalar va nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya bilan qamrab olish, homilador ayollarning ovqatlanishi va o‘spirinlarning ruhiy salomatligi borasidagi tashvishli tendensiyalar ham ko‘rsatilgan.

«Hisobotning taqdim etilishi o‘z vaqtida bo‘ldi. Butun dunyo va O‘zbekiston COVID-19 pandemiyasi bilan kurashayotgan davrda – boy berilgan ta'lim, to‘yib ovqatlanmaslik, cheklangan suv ta'minoti va sanitariya sharoitlarining yetishmasligi hamda bolalar kambag‘alligi tez sur'atlarda o‘sib borayotgan vaqtda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish va tegishli choralarni ko‘rish hamda bolalar uchun halokatli bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlarning oldini olish uchun axborot, ma'lumotlar va dalillar zarur», - dedi UNICEFning O‘zbekistondagi  vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Tahlil natijalari tuzilmali to‘siqlarni o‘rganib chiqish va ularga barham berish kerakligini tasdiqladi. Byudjet mablag‘larini taqsimlashdagi samarasizliklar, sog‘liqni saqlash tizimida naqd pul to‘lash singari yashirin xarajatlar, ijtimoiy himoya va ta'lim sohasida turli yosh toifalari uchun muvozanatsiz sarmoyalar va ko‘pincha standartlarga mos kelmaydigan yetarli bo‘lmagan moliyalashtirish shular jumlasiga kiradi.

Ushbu xulosalar COVID-19 oqibatidagi iqtisodiy ta'sir tufayli bolalar kambag‘alligi oshgan sharoitda qilingan. Hisobotda kam ta'minlangan oilalardagi va muassasalarda yashovchi bolalar va yoshlarni qamrab olishning muhimligi ta'kidlangan. Shuningdek, bolalar kundalik hayotlarida yuzaga keladigan sog‘liqning zaifligi, ta'lim olish imkoniyatining yo‘qligi, turmush darajasining pastligi, huquqsizlik, zo‘ravonlik tahdidi va ekologik jihatdan yashash uchun xavfli bo‘lgan joylarda istiqomat qilish singari qator yo‘qotishlarni kompleks ravishda baholash uchun bolalar kambag‘alligining ko‘p ko‘rsatqichli o‘lchovini belgilash tavsiya etiladi. O‘z navbatida, bunday yondashuv kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha axborotga asoslangan va maqsadli siyosatni ishlab chiqishga yordam beradi.

Hisobotda, shuningdek, O‘zbekistondagi bolalar huquqlarini yanada ilgari surish uchun ustuvor yo‘nalishlar hamda yangi paydo bo‘layotgan muammolar aniqlab berilgan. Bular O‘zbekistondagi bolalarning omon qolish, rivojlanish, ta'lim olish, ijtimoiy ta'minot, bolalarni himoya qilish va ishtirok etish huquqlarini izchil amalga oshirishda UNICEF, O‘zbekiston hukumati va hamkorlarga yordam beradi.

Nargiza Egamberdieva

Nargiza Egamberdieva

UNICEF
Kommunikatsiyalar bo'yicha maslahatchi

BMT tashabbusi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar

UNICEF
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamgʻarmasi

Ushbu tashabbus orqali biz qo'llab-quvvatlayotgan maqsadlar